Oʻzbekistonning Alibaba global savdo maydonchasiga chiqishining tafsilotlari ochib berilyapti

    Biznes 26 Sentabr 2022 1079

    Oʻtgan hafta Oʻzbekiston Alibaba global savdo maydonchasidan oʻrin olgani haqidagi xabar mamlakatimiz Internet hamjamiyatida keng tarqaldi. Bugun biz ushbu voqelikning tafsilotlarini ochib beramiz.

    Tarqalgan xabarning mazmunini eslatib oʻtamiz: Xitoyda nufuzli xalqaro elektron savdo maydonchasida Oʻzbekiston milliy pavilyonining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Alibaba.com yillik aylanmasi 106 milliard dollarni tashkil etadigan Xitoyning yetakchi savdo platformasidir. Uning asosiy faoliyati B2B shaklida kompaniyalar oʻrtasidagi savdo operatsiyalari va onlayn chakana savdoni tashkil etishdan iborat.

    Oʻzbekiston pavilyoni MDH mamlakatlari orasida Alibaba.com saytida Rossiya va Qozogʻistondan keyin uchinchi boʻldi. Oʻzbekiston milliy pavilyoniga 4 800 dan ortiq turdagi tovarlarga ega 50 dan ortiq mahalliy kompaniyalar kiradi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi va Alibaba Group korporatsiyasi oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Maqsad –Xitoyning ulkan elektron savdo platformasi orqali milliy mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyish.

    Shartnoma doirasida Agentlik oʻz mahsulotlarini Alibaba marketpleysida roʻyxatdan oʻtkazish uchun 70 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga 4,6 milliard soʻm miqdorida moliyaviy yordam koʻrsatdi.

    Korxonalar orasida yangi uzilgan va quritilgan meva va sabzavotlar, tayyor toʻqimachilik va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar, sayyohlik xizmatlarini koʻrsatuvchi kompaniyalar bor. Bugungi kunga qadar ular 67,1 million dollarlik mahsulot eksport qilishga muvaffaq boʻldi.

    Har kuni ushbu platformada oʻzbek eksportchilari va ishlab chiqaruvchilarining qatori kengayib boryapti. 2022-yil oxiriga kelib ular sonini 100 taga yetkazish rejalashtirilgan.

    Bundan tashqari, xitoylik mutaxassislarni jalb etgan holda 300 dan ortiq mahalliy korxonalar vakillari uchun ushbu elektron platforma imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha 4 ta seminar-trening oʻtkazildi. Yil oxirigacha 500 ta korxona mutaxassislarini ushbu mashgʻulotlar bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

    Muhim voqeaning oʻzi joriy yil 13-sentyabrda roʻy berdi. Oʻsha kuni Alibaba platformasida doimiy faoliyat koʻrsatayotgan Oʻzbekiston milliy pavilyoni ishga tushirildi. Unda 3 ta asosiy tarmoq – toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va oziq – ovqat sanoatining 100 dan ortiq eng sifatli va ommabop mahsulotlari bor.

    Yil oxiriga qadar pavilyonda elektrotexnika, mebel va aksessuarlar, charm-poyabzal mahsulotlari, sport anjomlari, bolalar oʻyinchoqlari boʻyicha yangi tarmoqlar sahifalari ochilishi rejalashtirilgan. Natijada eksportga yoʻnaltirilgan tovar pozitsiyalari soni 300 taga yetkaziladi. Pavilyon muntazam ravishda Oʻzbekiston tovarlari bilan yangilanadi. Unda sunʼiy intellektdan foydalangan holda sotuvlar, xaridorlar reytingi va sharhlar asosida eng ommabop va sifatli mahalliy mahsulotlar avtomatik ravishda tanlab olinadi va joylanadi.

    ITSV huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tizimli ravishda ushbu yoʻnalishni ilgari surishda davom etyapti. Joriy yil 8-15-oktyabr kunlari Toshkentda Alibaba Group korporatsiyasi bilan hamkorlikda elektron tijorat forumi, tadbirkorlar uchun seminarlar va treninglar, shuningdek, savdo maydonchasi orqali eksport qilishga qiynalayotgan eksportchilar uchun mahorat darslari va individual konsultatsiyalar oʻtkazish rejalashtirilgan. Mashgʻulotlarda Alibaba Group korporatsiyasining 5 ta yetakchi eksperti ishtirok etadi. Tadbir nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH mamlakatlarida oʻtkazilgan eng keng qamrovli boʻlishi kutilyapti, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.