Oʻzbekistonning ayollarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirgan siyosati AQSH ommaviy axborot vositalari diqqat markazida

    OAV O‘zbеkiston haqida 10 Avgust 2022 2016

    Amerikaning “Diplomat” jurnali saytida “Oʻzbekiston universitetlarida gender tafovutiga barham berish” sarlavhali maqola eʼlon qilindi.

    Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil mart oyida 2022-2026-yillarda mamlakatimiz iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha sohalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish boʻyicha Milliy dastur qabul qilinishini bildirgani qayd etilgan.

    “Dastur oliy taʼlim muassasalari, texnikum va kollejlarda oʻqiyotgan xotin-qizlarning taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun 7 yil muddatga foizsiz taʼlim kreditlari taqdim etish, davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlarini qaytarish shartisiz qoplash, xorijiy oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim dasturlari boʻyicha – 50 nafar, magistratura taʼlim dasturlari boʻyicha – 10 nafar xotin-qizlarga har yili «El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali qoʻshimcha grantlar ajratib borilishini koʻzda tutgan», deb yozadi nashr.

    Maqolada ushbu chora-tadbirlarning barchasi oliy maʼlumot olayotgan ayollarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilganligi alohida taʼkidlangan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Koʻplab ayollarni universitet darajalarini olishga undash - bu kerakli paytdagi toʻgʻri qadamdir, deb yozadi «Diplomat”. Hozirga qadar mamlakatda oliy taʼlim muassasalari sonini koʻpaytirish samarali boʻldi. Universitetlar soni oshgani sari oʻqimishli ayollarning ulushi ham ortdi. 2016-yilda mamlakat boʻylab ayollarning atigi 5,6 foizi oliy maʼlumotga ega edi, endi bu koʻrsatkich 17,7 foizni tashkil etmoqda».