Ushbu sana maktabni bitirayotgan har bir oʻquvchi uchun juda unutilmas va hayajonli lahzalarga boy boʻladi. Sababi aynan mana shu kuni barcha jonajon maktabi bilan xayrlashib, katta hayot sari qadam qoʻyadi. 11 yil davomida saboq olgan ustoz-murabbiylari, jonajon sinfdoshlari bilan xayrlashadi.

Joriy yilda ham “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari maktablarda oʻziga xos tarzda, koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazildi. Joriy yilda yurtimizdagi 10 130 ta umumtaʼlim maktablarni 390 ming nafardan ortiq bitiruvchi tamomlamoqda.
Mamlakatimizning barcha taʼlim maskanlaridagi “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari Davlatimiz rahbari tomonidan bitiruvchi oʻgʻil-qizlarga yoʻllagan tabrikni oʻquvchilarga yetkazish bilan boshlandi.

Tadbir doirasida yil davomida namunali xulq va aʼlo baholarga oʻqib, eng yuqori koʻrsatkichlarga erishgan iqtidorli bitiruvchilar ragʻbatlantirildi. 2021-2022 oʻquv yilida fan olimpiadalari, koʻrik tanlov va sport musobaqalarida ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallagan hamda ijodkor oʻqituvchilar faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

Tadbir soʻngida bitiruvchi sinf oʻquvchilari taʼlim bergan ustozlari, sevimli taʼlim maskanlari, oʻzlari uchun yaratilgan barcha sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirdi. Qalblarni hayajonga soluvchi “Soʻnggi qoʻngʻiroq” sadolari yangradi.