Muloqot chogʻida Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreya oʻrtasidagi madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarning bugungi holatiga yuqori baho berilib, istiqbolda ushbu sohani yana-da rivojlantirishda hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan yoʻnalishlar yuzasidan fikr almashildi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Koreya Respublikasi tomoniga soʻnggi paytlarda Oʻzbekistonda xorijiy tillarni oʻrganishga hukumat darajasida eʼtibor qaratilayotgani, aholi orasida chet tilini oʻrganishni ommalashtirish va ularni mukammal oʻzlashtirish uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani haqida maʼlumot berildi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda aholi orasida koreys tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqishning ortib borayotganini hisobga olib, Qirol Sejong instituti fondi rahbari bilan istiqbolda yurtimizda koreys tili kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Kang Hyon Xvaning aytishicha, Qirol Sejong instituti fondi chet elliklar uchun koreys tili va madaniyatini targʻib qiluvchi Koreya Respublikasidagi asosiy muassasalardan biri hisoblanib, xorijiy universitetlar va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi.
KSIF asosan koreys tiliga hamda madaniyatiga talab yuqori boʻlgan mintaqalarda Qirol Sejong markazlarini ochadi va ularning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun uzluksiz koʻmak beradi. Bundan tashqari, yangi ochilgan markazlarni kerakli moliyaviy mablagʻ bilan taʼminlaydi, malakali oʻqituvchilar tanlab olib, har bir markazga yuboradi. Bundan tashqari, koreys tili va madaniyati boʻyicha turli darsliklar ishlab chiqadi.
Hozirda dunyoning 82 davlatida 234 Qirol Sejong markazi mavjud. Oʻzbekistonda ham ikkita Qirol Sejong markazi faoliyat koʻrsatmoqda.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda koreys tili kurslari sonini koʻpaytirishga kelishib olindi.
Jumladan, KSIF tomonidan Toshkent, Fargʻona, Samarqand, Namangan va Denov shaharlarida koreys tilini oʻrgatuvchi markazlar ochiladi. Ushbu markazlar faoliyati Fond tomonidan toʻliq moliyalashtirilib, barcha kerakli adabiyot va texnik jihozlar bilan taʼminlanadi. Til kurslarida ishlash uchun Janubiy koreyalik malakali mutaxassislar Oʻzbekistonga yuboriladi.
KSIF rahbari fond shu paytgacha biror davlatda koreys tilini oʻrganish boʻyicha 5 ta til markazi ochmaganini bildirdi. Janubiy Koreya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, shuningdek, mamlakatda koreys tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqish eʼtiborga olinib, ushbu qaror qabul qilingan.