Ikki tomonlama munosabatlar tarixida Oʻzbekistonning Chernogoriyadagi birinchi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oybek Shaxavdinov (qarorgohi Budapesht shahrida joylashgan) 25-noyabr kuni Chernogoriya Prezidenti Yakov Milatovichga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo« AA.
Prezident qarorgohida boʻlib oʻtgan tantanali marosimdan soʻng oʻtkazilgan muloqot chogʻida Oʻzbekiston-Chernogoriya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, ularni yangi sifat bosqichiga olib chiqish boʻyicha istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.
Prezident Yakov Milatovich Oʻzbekiston xalqini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yoʻlida erishilgan muvaffaqiyatlar bilan tabriklab, yurtimizga tinchlik, taraqqiyot va farovonlik tiladi. Chernogoriya rahbari, shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning islohotlar va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari muhimligini taʼkidladi.
Chernogoriya ikki tomonlama munosabatlar, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy sohalardagi salohiyatni yuqori baholaydi. Prezident sayyohlik va gumanitar almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligini taʼkidladi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Chernogoriya oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 2006-yil 19-dekabr kuni oʻrnatilgan.