Oʻzbekistonning birinchi elchisi Lixtenshteyn Valiahd shahzodasiga ishonch yorliqlarini topshirdi

    Oʻzbekistonning Lixtenshteyn Knyazligidagi birinchi elchisi (qarorgohi Berlin shahrida joylashgan) etib tayinlangan Dilshod Axatov ushbu mamlakat Valiahd shahzodasi Aloizga ishonch yorliqlarini topshirdi.

    Lixtenshteyn Valiahd shahzodasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni va ikki davlat oʻrtasidagi kuzatilayotgan oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish boʻyicha saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatladi.

    U tarixda ilk bor mazkur mamlakatda Oʻzbekiston elchisining tayinlanganini alohida eʼtirof etdi.

    Lixtenshteyn va Oʻzbekiston oʻrtasida 2024-yil mart oyida oʻrnatilgan diplomatik aloqalar hamkorlikni tizimli ravishda davom ettirishga muhim poydevor boʻlgani, Vadusning Toshkent bilan munosabatlarni kengaytirish va mustahkamlash tarafdori ekani taʼkidlandi.

    Uchrashuv yakunida shahzoda Aloiz Oʻzbekiston Prezidentiga ezgu-tilaklari va samimiy salomlarini yoʻlladi hamda mamlakatimiz xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasi Lixtenshteyn Bosh vaziri oʻrinbosari – tashqi ishlar, atrof-muhit va madaniyat vaziri Sabine Monauni bilan uchrashuv oʻtkazdi. Suhbat chogʻida ikki mamlakatning BMT hamda boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi konstruktiv muloqoti yuksak baholandi.

    U Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan tinchlikparvar, ochiq, amaliy va faol tashqi siyosatni alohida eʼtirof etdi. Shu bilan birga, davlatlar oʻrtasidagi ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

    Xususan, Sabine Monauni Xalqaro valyuta fondidagi Shveysariya ovoz berish guruhi doirasidagi samarali hamkorlikni yuqori baholab, Lixtenshteynning 2024-yil oktyabrida mazkur guruhga aʼzo boʻlishi ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy va moliyaviy sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

    Eslatib oʻtamiz, Dilshod Axatov 2023-yilning oktyabr oyida Oʻzbekistonning GFRdagi elchisi sifatida Germaniya Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

    Bugungi kunga qadar Dilshod Axatov Oʻzbekistonning Shveysariya va Chexiyadagi oʻrindoshlik asosida elchisi ham hisoblanadi.