Festivalda mazkur oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotgan 30 dan ortiq xorijiy davlatlar fuqarolari oʻzlarining milliy stendlari bilan ishtirok etishdi. Jumladan, mamlakatimiz Bosh konsulxona koʻmagida mazkur universitetda oʻqiyotgan vatandosh talabalar tomonidan yurtimiz milliy pavilyoni tashkil etildi.
Oʻzbekiston stendida oʻzbek milliy taomlari, liboslari va yurtimiz sayyohlik salohiyatini targʻib qiluvchi suratlar namoyish qilindi.
Bundan tashqari, ishtirokchilarga Oʻzbekistonning boy tarixi, qadimiy shaharlari, turizm imkoniyatlari, mazkur yoʻnalishda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisidagi jurnal va bukletlar tarqatildi.
Oʻzbekiston stendi va tortiq etilgan milliy taomlarimiz ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi. Ular yaqin kelajakda yurtimizga tashrif buyurish istagini bildirishdi.
Festivalning ikkinchi qismida milliy liboslar namoyishi boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbirda ham vatandosh talabalar tomonidan namoyish etilgan bejirim oʻzbek milliy liboslari barchada katta taassurot qoldirdi.
Oʻzbekiston diplomatlari tadbir davomida Guandun chet tillar universiteti rahbariyati bilan alohida uchrashuv oʻtkazishdi. Unda mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama qilindi.