O‘zbekistonning butunjahon turizm ko‘rgazmasidagi ishtiroki Ispaniya OAV diqqat markazida

    Ispaniyaning «El Mundo Financiero» veb-saytida «Madridda bo‘lib o‘tayotgan “FITUR-2023” butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etilmoqda» sarlavhali maqola joylashtirildi.

    Nashrda Madridda davom etayotgan «FITUR – 2023» xalqaro sayyohlik yarmarkasida O‘zbekiston milliy stendi taqdim etilayotgani maʼlum qilingan. «O‘zbekistonning go‘zal manzaralari, betakror tarixiy obidalari, yorqin milliy matolari keng namoyish etilmoqda, – deyiladi maqolada. - O‘zbek milliy taomlari va shirinliklari yarmarka ishtirokchilarining katta qiziqishiga sabab bo‘layotir».

    «El Mundo Financiero» veb-saytida eʼlon qilingan maqolada yozillishicha, O‘zbekistonning xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishi allaqachon anʼanaga aylangan. «Respublika sayyohlik salohiyatini aks ettiruvchi milliy stend hamisha mehmonlar bilan gavjum. Va bu ajablanarli emas. Sharqona lazzat, xon-atlasning yorqin ranglari, moviy gumbazlarining tarovati, O‘zbekistonning go‘zal tabiati har qanday tashrif buyuruvchini o‘ziga rom etmay qolmaydi».

    Materialda maʼlum qilinishicha, O‘zbekistonda turizm sohasini tubdan isloh qilish, turizmni barqaror iqtisodiy o‘sish va mamlakatni modernizatsiya qilishning qudratli vositasiga aylantirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Turizmni rivojlantirishning yangi konsepsiyasi doirasida xizmatlar ko‘rsatish, turistik hududlarni tashkil etish, yangi mehmonxonalar barpo etishning zamonaviy innovatsion texnologiyalari va usullarini joriy etish bo‘yicha qator dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

    «Ushbu sayyohlik yarmarkasida O‘zbekistonning ko‘plab sayyohlik agentliklari ishtirok etmoqda, – deya taʼkidlaydi nashr.- Ular orasida «Uzbekistan Discovery», «El Mundo Tour», «Orient Voyages», «Orient Star Group», «Asian Tour», «Dolores Travel Group», «Avrud Travel», «Farovon Khiva»va boshqalar bor».

    Maqola intihosida yarmarka ishtirokchilari eʼtiboriga «FITUR – 2023» xalqaro yarmarkasi uchun maxsus nashr etilgan «O‘zbekistonga xush kelibsiz» albomi taqdim etilgani qayd etilgan. «Albomdan Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarning diqqatga sazovor joylari haqidagi maʼlumotlar o‘rin olgan va nashr rang-barang suratlar bilan bezatilgan», deb yozadi «El Mundo Financiero».