O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi Respublika bosqichida ishtirok etgan 70 nafar o‘quvchi va ularning 14 nafar ustozlari Buyuk Britaniya davlatida ta’lim sayohatida bo‘lib turibdi.
7-9-sinf o‘quvchilarining hududlardagi chekka qishloqlarda ta’lim olib, shu yoshida yuqori marralarni zabt etayotgani quvonarli, albatta. Ularning kelajakda salohiyatli mutaxassis bo‘lib yetishishida yaratib berilayotgan imkoniyatlarning o‘rni beqiyos. Ana shunday imkoniyatlarning biri bo‘lgan Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohati shubhasiz bolalarning xotirasida bir umr muhrlanib qoladi va bilim olishlarida yana bir katta rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’lim sayohatida o‘quvchilar xorijiy davlat fuqarolari hamda sayyohlar bilan mamlakatimiz tarixi, milliy qadriyatlarimiz haqida ingliz tilida suhbat qilish barobarida milliyligimiz, urf-odatlarimizni jahonga tanitishga harakat qilishmoqda.
Shu asnoda, sayohatning ilk kunidayoq yoshlarimiz bir guruh sayyohlar bilan yaqindan tanishishdi. Ularga yurtimizning diqqatga sazovor joylari to‘g‘risida so‘zlab berishdi hamda milliyligimiz ramzi tushirilgan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.