Hindiston tashqi siyosat mahkamasining rasmiy veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Oʻzbekiston xorijiy mamlakatlar orasida birinchilardan boʻlib Hindistonga insonparvarlik koʻmagini yuborgani xabar qilingan. Alohida taʼkidlanganidek, Hindiston uchun ogʻir paytda Oʻzbekiston tomonidan koʻrsatilgan bu muruvvat ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikni yana-da rivojlantirish va chuqurlashtirish ishiga xizmat qiladi.

Hindiston TIVning “Instagram”dagi rasmiy sahifasida aeroportga yetib kelgan insonparvarlik yuklari yonida Oʻzbekiston elchisi Dilshod Ahatovning insonparvarlik yordamini oʻz mamlakati hukumati nomidan rasman qabul qilib olgan Hindiston TIV Yevroosiyo departamenti direktorining oʻrinbosari Bandaru Vilsonbabu bilan suratlari eʼlon qilingan. Bunga koʻplab hind fuqarolari va 10 mingdan ziyod foydalanuvchi oʻzlarining ijobiy munosabatlarini bildirgan.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston insonparvarlik koʻmagi toʻgʻrisida Hindiston tashqi siyosat mahkamasi tomonidan eʼlon qilingan fotomateriallar “Facebook” va “Twitter” ijtimoiy tarmoqlarida ham oʻzining katta aks-sadosini berdi.

Bu voqea Hindistonning “Times of India”, “Hindustan Times”, “NDTV”, “Asian News International”, “News18”, “Zee5”, “Business Standard”, “India Times”, “Free Press Journal”, “Yahoo”, “Big News Network”, “Myword.in”, “BBCNews Hindi”, “ABP Live”, “Janta Serishta”, “ETV Bharat”, “Taknew”, “India Guru”, “Mohalla Media”, “Tele-News”, “Pen News”, “SRNews”, “Kisaan Putra”, “Daida News”, “Jagran”, “News On Air” va boshqa nufuzli OAV sahifalarida ham atroflicha yoritildi.