"2020-yilning 1-iyul holatiga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz mablagʻlari qoldigʻi 19,6 mlrd. AQSH dollari ekvivalentini tashkil etdi.
Xususan, davlat tashqi qarzi 1,7 mlrd. AQSH dollariga yoki 2020-yil boshiga nisbatan 10,9 foizga oshib, 1-iyul holatiga 17,3 mlrd. AQSH dollariga yetdi.
Davlat ichki qarzi esa 2020-yilning 1-yanvar holatiga nisbatan 0,3 mlrd. AQSH dollariga oshib, 2,3 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi.
Davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlash hamda Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasini moliyalashtirish uchun joriy yilning 1-yarim yilligida 1 075 mln. AQSH dollariga teng mablagʻlar jalb qilindi.
Jahon banki tomonidan Islohotlarni qoʻllab-quvvatlash loyihasi (2transh) yuzasidan qoʻshimcha moliyalashtirish sifatida 200 mln. AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit 30 yil muddatga (shundan, 5 yil imtiyozli davr) 1,7 foiz oʻzgaruvchan stavkada (6 oylik libor + 0,89 foiz oʻzgaruvchan spred) ajratildi.
Mazkur kreditning foiz toʻlovlari yilda ikki marta (15-iyun va 15-dekabr) amalga oshirilib, joriy yilda 2,1 mln. AQSH dollarini tashkil etishi kutilmoqda.
Asosiy qarz toʻlovlari imtiyozli davr tugagandan keyin 2025-yildan kreditning asosiy qismini soʻndirish boshlanadi hamda har yili 8,0 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tomonidan respublika iqtisodiyotiga koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida 375 mln. AQSH dollari ekvivalentida kredit mablagʻlari ajratildi.
Imtiyozli kreditlar oʻz ichiga 10 yil muddatga (shundan, 5 yil imtiyozli davr) 125 mln. AQSH dollari ekvivalentiga teng foizsiz tezkor kreditlash liniyasi va 5 yil muddatga (shundan, 3 yil imtiyozli davr) 250 mln. AQSH dollari ekvivalenti 1,05 foiz oʻzgaruvchan stavkadagi tezkor moliyalashtirish instrumentini oladi.
10 yillik kredit boʻyicha foiz toʻlovlari amalga oshirilmaydi. Asosiy qarz toʻlovlari yilda ikki marta imtiyozli davr tugagandan keyin, 2025-yildan soʻndirish boshlanadi hamda yillik 18,4 mln. SDR yoki 25,6 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.
Osiyo taraqqiyot banki tomonidan 500 mln. AQSH dollari miqdoridagi byudjetni qoʻllab-quvvatlash uchun imtiyozli kredit 15 yilga (shundan, 3 yil imtiyozli ) oʻzgaruvchan stavkada (6 oylik libor + 0,5 foiz) ajratildi. Bugungi kunda jami oʻrtacha yillik foiz stavkasi - 0,9 foiz tashkil etmoqda.
Ushbu kreditning foiz toʻlovlari yilda ikki marta (15-aprel va 15-oktyabr) amalga oshirilib, joriy yilda 1,2 mln. AQSH dollarini (2020-yilda toʻlov bir marta boʻlishi hisobiga) tashkil etishi kutilmokda.
Asosiy qarz toʻlovlari imtiyozli davr tugagandan keyin, 2023-yildan boshlanadi hamda har yili 41,7 mln. AQSH dollarini takshil etadi," deyiladi maʼruzada.









