Oʻzbekistonning dunyoga oʻz tilidagi xitobi

    Ikki yuzga yaqin davlatlarning rahbarlari va vakolatli rasmiylari ishtirok etadigan katta mashvaratda Oʻzbekistonning davlat tili boʻlgan oʻzbek tili ilk marta jarangladi.

    Dunyo davlatlari va xalqlarinig eng oliy, moʻtabar minbari boʻlmish Birlashgan Millatlar Tashkilotining tuzilganiga yetmish besh yil toʻldi. Ana shu sana munosabati bilan toʻplangan Bosh Assambleya majlisida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev oʻzbek tilida maʼruza qildi. Ikki yuzga yaqin davlatlarning rahbarlari va vakolatli rasmiylari ishtirok etadigan bunday mashvaratda Oʻzbekistonning davlat tili boʻlgan oʻzbek tili ilk marta jarangladi.

    Dunyoga oʻzbek tili ulugʻ Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va bashariyat badiiy hamda aqliy tafakkkuriga sezilarli taʼsir koʻrsatgan boshqa bobolarimizning benazir durdonalari bois tanish boʻlsa-da, jahon siyosati va hamkorligining bosh maydonida bu til birinchi marta yangradi. Birinchi marta muhtaram Prezidentimiz Oʻzbekistonning davlat tilida dunyoga xitob qildi.

    Oʻzbek tili turli xalqaro anjumanlarda, turli xalqlar vakillari jamlangan muhokama-munozaralarda, hamkorlik hadafi bilan toʻplangan izdihomlarda boʻy koʻrsatib kelgan boʻlsa-da, dunyodagi millatlarning eng muazzam minbariga endi qadam qoʻyganligi bilan, shubhasiz, tarixiy voqeadir. Shuning uchun ham bundan butun xalqimiz, kattayu kichik, cheksiz iftixor tuyganligi mutlaqo tabiiyligini tasavvur qilish mumkin. Ayni paytda nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham, ommaviy axborot vositalaridagi xabarlardan ayon boʻlayotganiday, bu tilning xorijda muqim yashayotgan sohiblari yoki bu tilning chinakam doʻstlari oʻzbek tilining dunyo siyosati maydonida jaranglaganidan mamnuniyatlarini izhor etmoqdalar.

    Alohida aytish lozimki, mazkur maʼruzaning zalvorli va mazmundor mundarijasi ham oʻzbekona bagʻrikenglik va vazminlik, hamkorlik va hamjihatlik, xavfsizlik va farovonlik kabi salmoqli, umujahoniy gʻoyalar bilan sugʻorilgan. Unda davlatimiz rahbari kambagʻallikka qarshi kurash, ekologiya, inson huquqlari, mintaqaviy hamkorlik, xavfsizlik va boshqa sohalardagi ainq takliflarini bildirdi.

    Oʻzbekiston barcha sohalardagi taraqqiyotining tamomila yangi bosqichini boshdan kechirmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida jadal va koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda, bu islohotlarning naqd natijalari barchamizning koʻz oʻngimizda. Bu ildam islohotlarning haqqoniy samaralarini xorijdagi doʻstlar ham, nodoʻstlar ham eʼtirof etmoqda. Xalqni rozi qilish, uning farovonligini taʼminlash, kambagʻallikni bartaraf qilish kabi ezgu va ulugʻvor niyatlar ijobati yoʻlida davlatimiz rahbari tashabbuslar, aniq harakatlar dasturining tarhini chizib bermoqda.

    Mamnuniyat bilan taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi muntazam taraqqiy qildirish tarixida ham chin maʼnoda yangi bosqich boshlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 21-oktyabrida “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida va shu kuni imzolangan “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonda bu boradagi ishlarni butunlay yangi oʻzanga kiritish, asosiy maqsad-vazifalar ning mohiyatini aniq-aniq koʻrsatib berdi. Mazkur Farmonda bir haqiqat benihoya oʻrinli taʼkidlangan: “Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada, avvalo, oʻz madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir”.

    Farmonga muvofiq Vazirlar Mahkamasi tuzilmasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilgan va bu departament samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Ayni paytda Atamalar komissiyasi tashkil qilingan, 2020 – 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi ishlab chiqilgan. Shuningdek, “Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi” taʼsis qilingan va shu kunga qadar mazkur jamgʻarma mablagʻi hisobidan besh jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”, “Davlat tilida ish yuritish” va boshqa bir qancha kitoblar nashr etildi. Hozirgi paytda Oʻzbekistonning “Davlat tili haqida”gi Qonunini takomillashtirish, uning yangi tahririni tayyorlash yuzasidan ish olib borilmoqda. 21-oktyabr “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilingan va uni keng nishonlash boʻyicha ham tayyorgarlik ishlari jadal bormoqda.

    Xalqimiz, mamlakatimizning barcha fuqarolari “Oʻzbek tili bayrami kuni”ni keng va cheksiz iftixor bilan nishonlashiga bir oycha vaqt qoldi. Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkilotining muhtasham izdihomi ishtirokchilariga Oʻzbekistonning davlat tili boʻlmish oʻzbek tilidagi xitobi bu tilning qutlugʻ bayrami arafasidagi goʻzal bir voqeadir.

    Nizomiddin Mahmudov,

    OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori

    instituti direktori, filologiya fanlari

    doktori, professor