Oʻzbekistonning Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlari kengayadi

    Biznes 6 Oktabr 2023 1005

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Fransiyaning “Experto Consulting” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqotda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal va moʻyna mahsulotlarining YEI bozorida savdosini kengaytirish, eksport-import masalalari muhokama etildi.

    Maʼlumot uchun: “Experto Consulting” kompaniyasi 16 yildan buyon oʻz faoliyatini olib boradi. Asosiy ish faoliyati Yevropa bozoriga chiqishda korxonalarga konsalting xizmatlarini koʻrsatish, brendlarga texnik koʻmak berishdir. Shuningdek, Yevropa kompaniyalariga eksport-import masalalarida distribyutorlarni tanlash, yetkazib beruvchi korxonalar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻz xizmatlarini taklif etadi. Fransiya va YEI bozoriga kirish maqsadida boʻlgan xorijiy kompaniyalarga xizmatlar portfelini tayyorlash bilan shugʻullanadi.

    Muloqotda Fransuz kompaniyasiga mamlakatimiz charm-poyabzal va moʻyna sanoatining ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Xorijiy brendlar bilan hamkorlik aloqalari yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.

    Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal mahsulotlarini YEI xususan, Fransiya bozoriga olib kirish, ularning savdosini ommalashtirish yuzasidan fikr almashildi. Kompaniya vakillari Oʻzbekistonning bu borada imkoniyatlari va salohiyati yuqori ekanligini qayd etib, “Franchayzing”, “Autsorsing” asosida Fransiya kompaniyalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflarni bildirdi. Bu oʻz navbatida Oʻzbekiston mahsulotlarining Sharqiy Yevropa, Shimoliy Afrika, Hindiston bozorlariga kirib borishiga xizmat qilish taʼkidlandi.

    Muloqot yakunida kelgusi yilning fevralida Parijda boʻlib oʻtadigan koʻrgazmada Oʻzbekiston va Fransiya korxonalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish boʻyicha V2V uchrashuvlar tashkil etishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.