Tashrif davomida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev, Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixonov bilan uchrashdi.
O‘zaro muloqot davomida tomonlar mavjud hamkorlik va uni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdi.
Toshkent shahar hokimi Tatariston shaharsozlik, infratuzilmani yangilab borish, «aqlli shahar» tizimi va boshqa IT texnologiyalarini joriy etishda ildam borayotganligini alohida qayd etdi.
Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov esa mamlakatimizning so‘nggi yillardagi yutuqlari salmoqli ekanligini qayd etib, dunyo davlatlari bilan aloqalari ham rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ayniqsa xalqimizning mehmondo‘stligi va yurtimizda beqiyos tarixiy obidalar borligini qayd etib, turizmni rivojlantirish istiqbollari katta ekanligiga to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra tomonlar, investitsiya, tashqi savdo, madaniyat, turizm, ta’lim, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, shaharsozlik, infratuzilma hamda transport sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.