Oʻzbekistonning inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi ibratli amaliyoti eʼtirof etildi

    Mamlakatimizda 6 Aprel 2022 1532

    2022-yil 5-aprelda Toshkent shahrida nizoli hududlardan olib kelingan repatriantlar, shu jumladan Suriya, Iroq va Afgʻonistondan qaytgan ayollar va bolalarni jamiyat hayotiga integratsiyalashtirish hamda moslashtirish boʻyicha tadbirlarni monitoring qilish va baholash sohasida Oʻzbekistonning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari roli va imkoniyatlarini oshirishga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
    Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) va Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani), shuningdek, BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy ofisi tomonidan tashkil etildi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
    Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirokchilarni qutlar ekan, Oʻzbekiston Hukumati olib borayotgan insonparvarlik siyosati doirasida 2019-2021-yillarda Suriya, Iroq va Afgʻoniston mamlakatlari hududidan Oʻzbekiston fuqarolarini olib chiqish boʻyicha beshta maxsus operatsiya amalga oshirilganiga eʼtiborni qaratdi.

    “Mehr” deb nomlangan ana shu operatsiyalar natijasida Oʻzbekistonga “qaynoq nuqta”lardan jami 531 nafar fuqaro olib kelingan. Shundan 24 nafarini – erkaklar, 121 nafarini – xotin-qizlar, 379 nafarini – bolalar va 7 nafarini xorijiy fuqarolar tashkil etadi.

    Mamlakatimiz hukumati tomonidan repatriantlar, yaʼni Vatanga qaytarilgan fuqarolarni jamiyatga moslashtirish maqsadida tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Respublika komissiyasi va hududiy idoralararo komissiyalar tuzildi hamda ular tarkibidan mahalliy hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi, adliya, bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklarining vakillari joy oldi.

    Komissiyalarning asosiy vazifasi nizoli mintaqalardan olib kelingan ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga moslashtirish bilan bogʻliq tadbirlarni amalga oshirishdan iborat etib belgilandi. Komissiyalar zimmasiga, shuningdek, repatriant ayollarga ishga joylashishda va psixologik yordam koʻrsatish, ular bilan profilaktika ishlari olib borish, bolalarni bogʻcha va maktablarga joylashtirish kabi muhim vazifalar yuklandi.

    Vatanga qaytarilgan fuqarolar ikki bosqichda reabilitatsiyadan oʻtdi. Ushbu aniq chora-tadbirlar natijasida ularning aksariyati ekstremistik gʻoyalardan butunlay voz kechib, dunyoviy hayot tarzini tanladilar.

    2022-yil 15-martda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 49-sessiyasi doirasida Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachi Fionnuala Ni Aolaynning mamlakatimizga 28-noyabr – 7-dekabr kunlari amalga oshirgan tashrifi yakunlariga bagʻishlangan maʼruzasi tinglandi. BMT Maxsus maʼruzachisi Oʻzbekistonning “Mehr” operatsiyasi doirasida fuqarolarni mamlakatga qaytarish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholadi.

    Ayni vaqtda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
    Milliy markazi tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisining Oʻzbekistonga tashrifi yakunlari yuzasidan taqdim etgan tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqmoqda.

    Milliy harakatlar rejasi loyihasiga repatriatsiya va reintegratsiya bilan bogʻliq tavsiyalarni bajarishga doir chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari kiritiladi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, “qaynoq nuqta”lardan qaytgan ayollar va bolalarni jamiyat hayotiga integratsiyalashtirish hamda moslashtirish boʻyicha tadbirlarni monitoring qilish va baholash sohasida Oʻzbekistonning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari muhim oʻrin tutadi.

    Davra suhbati yakunida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu dastur nizoli mintaqalarda ovvorayu sarson yurgan vatandoshlarimizni, ular yoki oila aʼzolari tomonidan ogʻir jinoyatlar sodir etilganidan qatʼi nazar, bexavf va bexatar olib kelishga yoʻnaltirilgani juda muhimdir.

    Shu maʼnoda, fuqarolari hali ham Suriya va Iroqdagi qochoqlar lagerlarida saqlanayotgan koʻplab mamlakatlar uchun ushbu dastur namuna boʻlishi, qolaversa, Oʻzbekistonning inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi ibratli amaliyoti sifatida qabul qilinishi mumkin.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati.