O'zbekistonning insonparvarlik yordami salohiyati “Dubay xalqaro gumanitar yordam va taraqqiyot” ko'rgazmasida namoyish etildi

    Dubay shahrida o'tkazilgan “Dubay xalqaro gumanitar yordam va taraqqiyot” konferensiya va ko'rgazmasi o'z ishini boshladi.

    Mazkur tadbir yaqin Sharq mintaqasida gumanitar va ijtimoiy sohadagi yangi g'oyalar va tajriba almashinuvi uchun yetakchi nodavlat notijorat tashkilotlari, BMT tuzilmalari, ijtimoiy sohadagi xalqaro tashkilotlar, xalqaro, davlat va xususiy jamg'armalar, gumanitar yordam mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va ularga xizmat ko'rsatuvchi kompaniyalarni birlashtiruvchi qulay platforma hisoblanadi.

    Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi vakillari ushbu tadbirlarda ilk marotaba ishtirok etmoqda. Maqsad – O'zbekistonning insonparvarlik yordami borasidagi salohiyatini ko'rsatishdir.

    Dastlab, delegatsiya vakillari “DIHAD 2004-2024: Gumanitar diplomatiya va kelajakka sayohat” nomi ostida o'tkazilayotgan konferensiyada ishtirok etdi.

    So'ngra, ko'rgazmada tashkil etilgan O'zbekiston stendida “Made in Uzbekistan” brendi ostida ishlab chiqarilgan gumanitar yordam mahsulotlari va ijtimoiy sohadagi loyihalar xalqaro hamjamiyat e'tiboriga namoyish etildi.

    Ko'rgazma davomida Dubay Amirligi Ijroiya kengashi a'zosi, “Dubai Media Incorporated” korporatsiyasi raisi Shayx Hasher bin Maktum Al Maktum O'zbekistonning insonparvarlik yordami imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.

    Tadbir doirasida o'zaro muzokaralar ham o'tkazilib, unda xalqaro tashkilotlar bilan ijtimoiy himoyani ravojlantirishga qaratilgan o'zaro hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.