O'zbekistonning iqtisodiy ko'rsatkichi qanday?

    Monitoring natijalari shuni ko'rsatdiki, joriy yilning 1 iyunidan 31 iyunigacha bo'lgan davrda respublika soliq tushumlari hajmi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 6,8 foiz oshdi.

    So'nggi yillarda yurtimizda tadbirkorlik faoliyati yuqori darajada o'zgaruvchanligi va mintaqaviy xilma-xilligi bilan ajralib turmoqda. SHu munosabat bilan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari har oyda tadbirkorlik faoliyati holati monitoringini viloyat va tumanlar miqyosida olib bormoqda.

    O'zbekiston Respublikasi hududida ishbilarmonlik faoliyati tahlili har oyda markazga kelib tushgan tezkor ma'lumotlar asosida amalga oshiriladi.

    Monitoring natijalari shuni ko'rsatdiki, joriy yilning 1 iyunidan 31 iyunigacha bo'lgan davrda respublika soliq tushumlari hajmi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 6,8 foiz oshdi.

    SHu bilan birga, Qashqadaryo (27,1 foiz), Farg'ona (13,5 foiz), Surxondaryo (13,4 foiz), Andijon (13,3 foiz), Samarqand (12 foiz) viloyatlari va Qoraqalpog'iston Respublikasida (12,7 foiz) soliq tushumlarining sezilarli darajada o'sishi qayd etildi.

    Soliq tushumlarining ko'payishi tadbirkorlik faoliyati va kuchli iqtisodiy o'sish holatini, “yashirin iqtisodiyot”ning qisqarishi va soliq ma'murchiligining yaxshilanishini ko'rsatadi. Soliqqa tortish deyarli barcha mamlakatlarda davlat daromadlarining eng muhim manbai hisoblanadi. Qo'shimcha soliq tushumlari hukumatlarga ta'lim, infratuzilma va innovatsiyalarga sarf-xarajatlarni oshirish orqali ijtimoiy birdamlikni rag'batlantirish imkonini beradi.

    Tahlil qilingan davrda bojxona to'lovlari bo'yicha tushumlar 7,2 foiz oshdi. Daromadning eng yuqori o'sishi Navoiy (43,8 foiz), Toshkent viloyatlari (19,4 foiz), Toshkent shahri (12,6 foiz) va Qoraqalpog'iston Respublikasida (20,5 foiz) kuzatildi.

    Hozir O'zbekiston asosiy savdo hamkorlari — Xitoy, Rossiya va Qozog'iston bilan savdo aloqalarini yaxshi olib bormoqda. Binobarin, tashqi savdo aylanmasining ko'payishi va mamlakatda ichki talabning ortishi bojxona daromadlarining o'sishiga olib keldi.

    Davlat bojxona qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, yil boshidan buyon tovarlar eksportining hajmi 8,4 foiz oshgan. Tovarlar eksporti hajmining o'sishi Jizzax (31,5 foiz), Navoiy (26,1 foiz), Samarqand (24 foiz), Xorazm (19,6 foiz), Andijon (18,1 foiz) viloyatlari va Toshkent shahri (18 foiz) hissasiga to'g'ri keldi.

    O'zbekiston eksport hajmining oshishini eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishning o'sishi bilan izohlash mumkin.

    O'tgan oyda tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi 11,8 foiz oshdi. Berilgan kreditlar hajmining eng yuqori o'sishi Sirdaryo (76 foiz), Samarqand (72,3 foiz), Surxondaryo (59,1 foiz), Andijon (52,2 foiz) viloyatlarida kuzatilmoqda.

    Tijorat banklari beradigan kreditlar hajmining oshishi tadbirkorlik tuzilmalari faoliyatining bosqichma-bosqich takomillashib borayotganidan dalolat beradi.

    Tahlil qilingan davrda 8 ming 210 ta yangi tadbirkorlik sub'ekti tashkil etilib, ularning eng ko'pi Samarqand (1 ming 230), Qashqadaryo (990), Toshkent (831), Farg'ona (798) viloyatlari va Toshkent shahrida(1 ming 339) ro'yxatga olingan.

    Tahlil etilayotgan davrda O'zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 9,1 foiz oshdi.

    Birja faolligining sezilarli o'sishi Namangan (45,6 foiz), Surxondaryo (35,1 foiz), Sirdaryo (20,7 foiz), Qashqadaryo (17,5 foiz) viloyatlari, Toshkent shahri (14,8 foiz) va Qoraqalpog'iston Respublikasida (26,1 foiz) kuzatilmoqda.

    Ushbu hududlarda bitimlar hajmining o'sishi mineral o'g'itlar, dizel yonilg'isi, paxta tolasi, avtomobil` benzini, tsement, qora metallar, mis, qand, texnik chigit va polietilen kabi tovarlar sotuvini ko'paytirish orqali ta'minlanmoqda. Birjada bitimlar hajmining o'sishi yuridik shaxslar faoliyatining oshishini, jismoniy shaxslar daromadining ko'payishini ko'rsatadi. Bu esa talab omillari orqali ishbilarmonlik faoliyatining o'sishiga yordam beradi.

    Joriy yil boshidan buyon mamlakatimizda iqtisodiy faollikning bosqichma-bosqich o'sishi kuzatilmoqda. Bu pandemiya bilan bog'liq muammolarni bartaraf etish bo'yicha ko'rilgan chora-tadbirlarning muvaffaqiyatini ko'rsatadi. Umuman olganda, iqtisodiy o'sishga ijobiy ta'sir ko'rsatuvchi xo'jalik yurituvchi sub'ektlar miqyosida nisbatan ijobiy tendentsiyalar mavjud. Binobarin, korxonalar va turarjoylarning daromadi sezilarli darajada oshishi va tadbirkorlik faoliyati hajmining o'sishi 2021 yil davomida iqtisodiy tiklanishning doimiy modelini ko'rsatadi.

    So'nggi yillarda O'zbekistonda iqtisodiy faoliyatning asosiy omillari sifatida foydalanilgan ayrim vositalarning joriy etilishi sezilarli darajada kengaydi va bu borada tegishli strategiya va ishlar davom ettirilmoqda. Asosiy makroiqtisodiy ko'rsatkichlar global pandemiya tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozdan keyin sezilarli ijobiy tiklanishni ko'rsatadi.

    2021 yilda iqtisodiyotni bosqichma-bosqich qayta tiklash, shuningdek, har oyda o'tkaziladigan O'zbekistonda biznes iqlim holatini baholash bo'yicha korxonalarning so'rov natijalari ham dalolat beradi. Tadqiqot mamlakat bo'ylab ishbilarmon doiralarning kayfiyatini aks ettiradi, deyiladi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi jamoatchilik bilan aloqalar xizmati xabarida.