Oʻzbekistonning kardiologiya sohasidagi yutuqlari Parijda eʼtirof etildi

    Salomatlik 19 May 2022 1378

    Bugun Fransiyada boʻlib oʻtayotgan “EuroPCR 2022” jahon kardiologlari anʼanaviy kongressining uchinchi kuni. Pandemiya davridagi ikki yillik tanaffusdan soʻng oʻtayotgan tadbirda dunyoning 120 davlatidan borgan 5 mingdan ziyod eng malakali kardiologlar yana toʻplandi.

    Unda Oʻzbekistondan borgan yetakchi mutaxassislar delegatsiyasi ham ishtirok etyapti.

    Kongressda muhokama etilayotgan mavzular xilma-xil. Ammo barchasi yurak-qon tomir tizimi kasalliklariga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatishning yangi imkoniyatlarini qidirish, tibbiy va klinik amaliyotga ilgʻor yutuqlar va innovatsion metodlarni joriy qilish masalalariga bagʻishlangan.

    Yana ham aniqrogʻi, jahon kardiologlari oʻtkir miokard infarkti, koronar arteriya, orttirilgan yurak nuqsonlari va shu singari boshqa xavfli kasalliklarning oldini olish hamda ularni davolash boʻyicha fikr va tajriba almashmoqda.

    Maʼruzalar sohada olib borilgan soʻnggi ilmiy tadqiqotlar natijalariga asoslangan. Bu esa ishtirokchilar uchun ilm-fan yutuqlaridan yanada kengroq bahramand boʻlish va ularni ommalashtirish uchun ajoyib imkoniyat.

    “EuroPCR 2022” bu safar 300dan ortiq ilmiy-amaliy sessiyalarni oʻz ichiga olgan. Shuningdek, kongress doirasida jahondagi yetakchi klinikalarning angiokardiografik laboratoriyalarida bajarilayotgan noyob operatsiyalardan jonli translyatsiyalar namoyish etilmoqda.

    Tadbirda mamlakatimizdan qatnashayotgan mutaxassislar soni — 11 nafar. Ular oʻz chiqishlarida tibbiyotning mazkur yoʻnalishida keyingi yillarda Oʻzbekistonda erishilgan ilgʻor yutuq va tajribalarni dunyodagi hamkasblari bilan oʻrtoqlashyapti.

    — Maʼlumki, yurak-qon tomir sohasidagi anʼanaviy jarrohlik amaliyotlari ochiq operatsiyalarni oʻz ichiga oladi, — deydi kongress ishtirokchisi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Doniyor Alimov. — Bugungi ilm-fan yutuqlari esa bemorlarni endovaskulyar, kam invaziv usullar yordamida, kateter orqali, narkozsiz, ogʻriqsiz davolash imkonini berayotgani sir emas.

    Mamlakatimizda ham bugun 50 ga yaqin zamonaviy angiografik uskunalar mavjud. Bu esa nafaqat poytaxtimiz, balki hududlarda ham shunday murakkab yuqori texnologik muolajalarni amalga oshirishga zamin yaratadi. Natijada bemorlar ogʻir asoratlarsiz qisqa muddatda sogʻayib oilasi bagʻriga qaytyapti. Qolaversa, nogironlikning oldi olinyapti.

    Eng muhimi, bunday imkoniyatlar tufayli yurtdoshlarimizning kardiologiya, kardioxirurgiya sohasida avvalgidek ilgʻor xorijiy davlatlarga borib davolanishiga mutlaqo ehtiyoj qolmadi.

    Kongressda Oʻzbekistonning bu yoʻnalishdagi muvaffaqiyatlari jahon kardiologlari tomonidan eʼtirof etildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

    “EuroPCR 2022” oʻz ishini davom ettiryapti.