Oʻzbekistonning Koreya Respublikasidagi elchisi tayinlandi

    Alisher Abdusalomov Oʻzbekistonning Koreya Respublikasidagi yangi elchisi etib tayinlandi.

    U Seulga tayinlanishidan avval Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Kotibiyatiga rahbarlik qilgan.

    Diplomat 40 yoshda. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti va Janubiy Koreyaning Kyong-Xi universitetini bitirgan.

    Alisher Abdusalomov kasbiy faoliyatini Oʻzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida (hozirgi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) boshlab, yetakchi mutaxassislikdan Bosh boshqarma boshligʻigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtgan. Uning faoliyatida diplomatik xizmat ham muhim oʻrin tutadi. Xususan, u 2013-2016-yillarda Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi, 2018-2024-yillarda esa Janubiy Koreyada ham ushbu lavozimda ishlagan.

    Alisher Abdusalomov 1995-yildan 2024-yilgacha qisqa tanaffus bilan Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasiga rahbarlik qilgan Vitaliy Fen oʻrniga tayinlandi.

    Yangi elchi oʻzaro hamkorlikning iqtisodiy, madaniy va diplomatik jihatlariga eʼtibor qaratgan holda Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash borasidagi ishlarni davom ettirish niyatida.