Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Albert II Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishini yuqori baholadi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga sodiqligi bilan tanilgan Monako Knyazi Oʻzbekistonda qayta tiklanadigan energetika boʻyicha yirik loyihalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirib, yashil iqtisodiyotga oʻtish borasidagi saʼy-harakatlarni va 2030-yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalaridan elektr energiyasining 54 foizini ishlab chiqarish kabi ulkan maqsadni eʼtirof etdi.
Monako Knyazi Oʻzbekistonni joriy yilning oktyabr noyabr oylarida Samarqand shahri YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga mezbonlik qilishi bilan samimiy tabrikladi. U mazkur nufuzli tadbir Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyatga ochiqligi, tashqi siyosiy faoliyatining yorqin ifodasi ekanini alohida taʼkidladi.
Oʻzbekiston elchisi, oʻz navbatida, Oʻzbekiston-Monako munosabatlarini yanada rivojlantirish uchun barcha saʼy-harakatlarini amalga oshirishini bildirdi.
Oʻzbekiston va Monako oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 2013-yil 29-noyabrda oʻrnatilgan.
Nodir Gʻaniyev Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchisi etib tayinlangan va 2024-yil sentyabr oyida Prezident Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirgan edi. Diplomat shu yilning may oyidan buyon mamlakatimizning Portugaliyadagi elchisi lavozimida ham ishlab kelmoqda.









