Oʻzbekistonning Moskva shahridagi Elchixonasi talabalarni ogohlantiradi

    Dolzarb 8 Fevral 2021 601

    Oʻzbekistonning Moskva shahridagi Elchixonasi Rossiya oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning ota-onalariga murojaat etib shunday deydi:

    Maʼlumki, Rossiya Federatsiyasi Taʼlim va ilm-fan vazirining buyrugʻi bilan 2021-yil 8-fevraldan boshlab ushbu vazirlik huzuridagi oliy oʻquv yurtlarida kunduzgi oʻqish jarayoni boshlash koʻzda tutilgan.

    Ommaviy axborot vositalarida Rossiya tomonining anʼanaviy oʻqish shaklini boshlash toʻgʻrisida xabarlar tarqalgandan soʻng Rossiyaga qaytish istagida boʻlgan oʻzbekistonlik talabalarning turli soxta hujjatlar, shu jumladan, chegarani kesib oʻtishda yordam berish uchun Rossiya oliy oʻquv yurtlari nomidan soxta taklif xatlari tayyorlashga ixtisoslashgan shubhali shaxslarga murojaat qilish holatlari uchrayapti.

    Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda Oʻzbekistondan Rossiyaga charter reysiga talabalar roʻyxati tuzilayotgani haqidagi maʼlumotlar tarqalmoqdaki, bu Rossiya Hukumatining 2020-yil 16-martdagi 635-r-sonli “Rossiya Federatsiyasiga xorijiy fuqarolari va fuqaroligi yoʻq shaxslar kirishini vaqtincha cheklash hamda vizalar va takliflarni rasmiylashtirishni vaqtincha toʻxtatish haqida”gi qarori talablariga zid. Hozirgi vaqtda Rossiya oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar Rossiya Federatsiyasi hududiga toʻsqinliklarsiz kirish huquqiga ega fuqarolar tasnifiga kirmaydi.

    Shunday qilib, Rossiya xalqaro aeroportlariga charter reyslari bilan kelgan Oʻzbekiston fuqarolari chegarani kesib oʻtishda va tasdiqlovchi hujjatlar yuzasidan muammolarga duch kelishlari mumkin.

    Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, shubhali shaxslarning taʼsiriga tushib qolmaslik va aldanib qolmaslik, Rossiya hududiga kirishda rad javobi olmaslik uchun hamda charter reyslari tashkilotchilari va aviatashuvchilar bila sud jarayonlarining oldini olish maqsadida, oliy oʻquv yurtlari xalqaro boʻlimlari bilan doimiy ravishda aloqada boʻlib turish va chegaralar ochilgunga qadar masofaviy taʼlimni davom ettirish soʻraladi.

    Shu bilan birga, Elchixona rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini kuzatib borish lozim. Mazkur resurslarda taʼlimni davom ettirish uchun Rossiyaga kelish imkoniyati haqidagi axborotlar tezkor ravishda joylashtirib beriladi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.