Oʻzbekistonning Nepaldagi birinchi elchisi ushbu davlat prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

    Oʻzbekistonning Nepaldagi birinchi elchisi (qarorgohi Dehli shahrida) Sardor Rustamboyev ushbu mamlakat Prezidenti Ramchandra Paudelga ishonch yorliqlarini topshirdi.

    Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

    Qayd etilishicha, Nepal rahbari Oʻzbekistonning birinchi elchisi tayinlangani uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Toshkent bilan koʻp qirrali aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

    Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama kun tartibidagi keng koʻlamli masalalarni muhokama qildi.

    Savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Nepal tomoni gidroenergetika, turizm va taʼlim kabi sohalarda oʻzaro aloqalar uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etib, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

    Prezident Ramchandra Paudel, xalqaro tashkilotlar doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etdi. U global iqlim oʻzgarishi va togʻlar ekologiyasi kabi dolzarb masalalar boʻyicha birgalikda ishlashga boʻlgan oʻzaro qiziqishga eʼtibor qaratdi.

    Suhbat yakunida Ramchandra Paudel Nepalning uzoq muddatli doʻstona sheriklikka sodiqligini tasdiqladi va Oʻzbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan barcha tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini maʼlum qildi.

    Oʻzbekiston va Nepal oʻrtasida diplomatik munosabatlar 2018-yil 26-yanvar kuni oʻrnatilgan.