Hozirgi kunda dunyoning aksariyat mamlakatlari oʻz ichki toʻlovlarini amalga oshirish, davlat byudjeti defitsitini qoplash, ijtimoiy–iqtisodiy siyosatini amalga oshirish va jalb qilingan tashqi qarz toʻlovlarini toʻlash uchun moliyaviy resurslarga ehtiyoj sezmoqda. Oʻzbekiston ham bundan istisno emas.
Xalqaro valyuta jargʻarmasi maʼlumotiga koʻra, dunyoda davlat qarzi hajmi 2020-yilda 14,1 foizga oshib, YAIMning 97,6 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, ushbu koʻrsatkich 2021-yilda 2 foiz oshishi kutilmoqda. 2021-yil 1-yanvar holatiga Oʻzbekiston Respublikasi davlat (tashqi) qarzi esa YAIMga nisbatan 36,5 foizni tashkil etmoqda.
Shu oʻrinda ishonch bilan taʼkidlash mumkinki, Oʻzbekistonda tashqi qarz samarali boshqarilyapti va bu qarzlarning 70 foizi uzoq muddatli boʻlib, YAIM hajmining bosqichma-bosqich oʻsib borishini hisobga oladigan boʻlsak, qarzlarni qaytarishda hech qanday muammo boʻlmaydi.
Bu borada yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratmoqchiman. Jahon banki prognoziga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2021-yilda 6 foiz oʻsishi kutilmoqda. Pandemiya davrida koʻplab mamlakatlar iqtisodiy inqirozni boshidan kechirdi. Oʻzbekiston ayrim rivojlangan mamlakatlar qatorida bunday inqirozning oldini olish uchun muhim choralarni qoʻlladi. Jahon banki bu chora-tadbirlarni ijobiy baholadi. Jumladan, pandemiya davrida soliqlar undirilishini toʻxtatib turish, kredit toʻlovlari muddatini uzaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarini subsidiyalar orqali qoʻllab-quvvatlash hamda aholiga ijtimoiy yordam berish choralari eʼtirof etildi.
Jahon banki Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosati va hamkorlikka tayyorligiga, iqtisodiyoti barqaror oʻsib borayotganiga ijobiy xulosa berdi. Shuningdek, Oʻzbekistondagi iqtisodiyot sohasi ekspertlari, olimlar ham yurtimiz oʻz tashqi qarzini toʻlashga imkoniyati va salohiyati yetishini, bu qarz salbiy oqibatlarga emas, aksincha, oldimizga qoʻygan katta marralarni zabt etishga asos boʻlishi qayd etdi.
Farhod ZAYNIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati