Oʻzbekiston elchisi Bahrom Ashrafxonov 4-5-sentyabr kunlari Ozarbayjonning Xachmaz, Gubin va Xisor rayonlarida safarda boʻldi.
Kavkaz yongʻogʻi yetishtirish va qayta ishlash, bogʻdorchilikni rivojlantirish boʻyicha tajriba bilan tanishish, shuningdek, Oʻzbekiston bilan Ozarbayjon oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash tashkil etilgan safardan koʻzlangan maqsadni tashkil etdi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligining mahalliy vakolatxonalar rahbarlari, hamda ilmiy tekshirish tizimlari, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksporti bilan shugʻullanuvchi ishbilarmonlar bilan uchrashdi.
Shu kabi tizimlar faoliyati haqidagi koʻrgazmali namoyish doirasida “ANES” zavodiga sayohat uyushtirildi. Mazkur zavod oʻtgan yili ishga tushirilgan boʻlib, bu yerda har kuni 50-60 tonna atrofida yongʻoq qayta ishlanadi. Zavodda 100 ga yaqin kishi mehnat qiladi.
Zavodning texnik jihozlanishi haqida soʻz borar ekan, uning qurilishida energiya tejovchi mahalliy uskunalar ishlatilgani taʼkidlandi. Xususan, yetishtirilgan xomashyoni quritishda yonilgʻi sifatida aynan yongʻoqning oʻzining poʻstlogʻidan foydalanadi ekan. Bu, shubhasiz, mahsulot tannarxini sezilarli darajada pasaytiradi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrar rivojlanish davlat markazi direktori Azer Xakverdiyevning maʼlumotiga koʻra, Xachmaz rayonida Kavkaz yongʻogʻidan tashqari olma, behi, shaftoli va boshqa xil mevalar yetishtirishga katta eʼtibor qaratilgan ekan. Bu yerda, shuningdek suv resurslaridan oqilona foydalanish, xususan, tomchilab sugʻorish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berildi.
Ozarbayjon tadbirkorlari (ish beruvchilari) ning milliy konfederatsiyasi mahalliy vakili Magamed Balagadashevning soʻzlariga qaraganda, yongʻoq yetishtiruvchi fermerlar hosilni qabul punktlariga topshirar ekan. U yerdan esa markazlashgan holda qayta ishlash zavodiga yetkazilar ekan. Maʼlum darajada qayta ishlangan yongʻoqlar chet elga eksport qilinar ekan.
Xachmaz rayoni vakillari oʻzbekistonlik hamkorlari bilan yongʻoq va boshqa turdagi mevalar yetishtirish va ularni qayta ishlash masalalari boʻyicha tajriba almashishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Elchi janoblari safar davomida Ozarbayjon Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi mevachilik va choychilik ilmiy tekshirish instituti direktori, “CTC-Holding” va “Tovuz-Baltiya” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida suhbatdoshlar Oʻzbekistondagi investitsiya loyihalarida ishtirok etishdan manfaatdor ekanligini izhor qildilar. Xususan, uzumchilik sohasida agroklaster tuzish, shuningdek Sirdaryo va Fargʻona viloyatlarida anorchilikni rivojlantirishda ishtirok etish istagini bildirdilar.