Oʻzbekistonning Parlamentlararo ittifoq bilan sherikligi yanada kengaytiriladi

    Xalqaro hamkorlik 28 Mart 2024 403

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoq (PI) bosh kotibi Martin Chungong bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Mamlakatimizning ushbu nufuzli xalqaro tashkilot bilan hamkorligini yanada kengaytirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, inson huquqlarini himoya qilish va gender tenglikni taʼminlash, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarda amaliy va konstruktiv muloqotni davom ettirish kabi masalalar muhokama etildi.

    Shuningdek, PI bilan birgalikda oʻtkaziladigan tadbirlar, xususan 2025-yil yurtimizda boʻlib oʻtadigan 150-yubiley Assambleyaga tayyorgarlik koʻrish va uning doirasidagi tadbirlarni oʻtkazishning tashkiliy jihatlari koʻrib chiqildi.

    Martin Chungong taʼkidlaganidek, boʻlajak Assambleyaning asosiy mavzusi Oʻzbekiston tomonining ustuvor yoʻnalishlari va takliflaridan kelib chiqib belgilanadi.

    — Toshkent sammiti nafaqat PI, balki butun jahon parlament harakati uchun tarixiy ahamiyatga ega boʻladi. Uning doirasida qabul qilingan qarorlar tashkilotimizning oʻrta va uzoq muddatli istiqboldagi rivojlanish yoʻnalishlarini belgilaydi — dedi, Martin Chungong.

    Muloqot chogʻida joriy yil may oyida Samarqandda oʻtkaziladigan Osiyo xotin-qizlar forumi dasturidan maxsus parlament segmenti oʻrin olgani taʼkidlanib, uni muvaffaqiyatli oʻtkazilishida PIning koʻmagiga umid bildirildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.