Raqamli taraqqiyot sharoitida Oʻzbekiston ham zamon bilan hamnafas boʻlib, yoshlarning bilim va salohiyatiga tayangan holda yirik tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Ana shunday muhim loyihalardan biri — “5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturi boʻlib, u mamlakatimizda raqamli tafakkur va texnologik yetuklikni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

AQSHning Kaliforniya shtatida joylashgan, dunyodagi eng yirik texnologik va innovatsion markaz — Silikon vodiysi haqida eshitganmisiz? Agar javobingiz yoʻq boʻlsa, unda bu maqolani oxirigacha oʻqishingizga toʻgʻri keladi! San-Fransisko koʻrfazi atrofida joylashgan ushbu hudud axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, startaplar va raqamli iqtisodiyotning oʻchoqlari sifatida tanilgan. Oʻzbekiston ham yaqin orada ana shunday innovatsion markazga aylanishi shubhasiz.

Buning asosiy sababi shundaki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda axborot texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot va startaplarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. IT Parklar faoliyati, yoshlar uchun yaratilayotgan texnoparklar, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari buning yaqqol dalilidir. Birgina oʻtgan 2025-yilga nazar tashlasak, sunʼiy intellekt maktab va oliygohlarda joriy etildi, yoshlar uchun milliy AI tanlovlari, startap musobaqalari va AI laboratoriyalarini tashkil etish yoʻlga qoʻyildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan noyabr oyi yoshlar uchun “Sunʼiy intellekt oyi” deb eʼlon qilindi. Bundan tashqari, Xalqaro kongress markazida sunʼiy intellekt boʻyicha xalqaro forumning tantanali ochilish marosimi hamda startap loyihalariga asos solgan yoshlar bilan uchrashuvda eng yirik loyihalardan biri — “5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturiga start berildi.

Shuni ham taʼkidlash joizki, loyiha doirasida 2030-yilga qadar 4 million 750 ming maktab oʻquvchisi va talaba, 150 ming nafar oʻqituvchi hamda 100 ming nafar davlat xizmatchisini oʻqitish koʻzda tutilgan. Bunda sunʼiy intellekt maktab, kasb taʼlimi va oliy taʼlim tizimlariga toʻliq integratsiya qilinadi. Endilikda yoshlarmiiz maktabdan tashqari ham sunʼiy intellekt bilan ishlash koʻnikmalariga oʻrgatiladi. Buning uchun yurtimizning barcha hududlaridagi “Kelajak markazlari”da SI maktab dasturi joriy qilinadi. Mamlakatimizda maktablar oʻrtasida har yili sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap gʻoyalari boʻyicha tanlov oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Respublikadagi 14 ta hududning har birida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan maktabda eng zamonaviy sunʼiy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi va gʻoyalarni tijoratlashtirish boʻyicha ilgʻor kompaniyalar bilan hamkorlik oʻrnatiladi.

Sohadagi istiqbolli yoshlarni aniqlash va ularni qoʻshimcha ragʻbatlantirish maqsadida “Sunʼiy intellekt boʻyicha Prezident tanlovi” tashkil etiladi. Chekka tumanlardan tortib respublika darajasigacha har yili 100 nafar eng iqtidorli yosh saralab olinadi. Ular AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari va Yevropaning ilgʻor texnologik kompaniyalariga stajirovkaga yuboriladi. Keyingi bosqichda oliygohlar uchun ham ushbu amaliyot joriy etiladi. Yuqorida aytilgan maqsadlar uchun 100 million dollar ajratildi hamda mazkur mablagʻ katta rejalar ijrosini taʼminlashga yoʻnaltiriladi.

Raqamli taʼlimni rivojlantirish markazi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Ilhom Joʻrayevning taʼkidlashicha: “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi Oʻzbekistonda 2019-yilda boshlangan “Bir million oʻzbek dasturchi” loyihasining mantiqiy davomi hisoblanadi. Dastlabki loyihaning birinchi bosqichida 2,5 milliondan ortiq foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, shulardan 1 million 200 mingdan ortigʻi oʻqishni muvaffaqiyatli tugatib, sertifikatlarni qoʻlga kiritgan. Hozirda yoshlar va maktab oʻquvchilarining bepul taʼlim olishi taʼminlangan. Chekka qishloqlarda istiqomat qiluvchi yoshlar ham internet va texnikaviy sharoit boʻlsa, SI boʻyicha talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlarda bilim olishlari mumkin. Maʼlumot oʻrnida, ushbu dasturni amalga oshirishda AQSH va Birlashgan Arab Amirliklari bilan yaqin hamkorlik qilingan.

Xulosa qilib aytganda, bugungi globallashuv va raqamli taraqqiyot davrida sunʼiy intellekt har bir davlatning raqobatbardoshligini belgilovchi asosiy omilga aylanmoqda. Oʻzbekiston esa bu borada tomoshabin emas, balki faol ishtirokchi sifatida maydonga chiqmoqda. “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi inson kapitaliga, ayniqsa yoshlar salohiyatiga qaratilgan strategik tashabbus ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Ushbu dastur orqali maktab oʻquvchisidan tortib talabagacha, chekka hududlarda yashovchi yoshlarmigacha teng imkoniyatlar yaratilmoqda. Taʼlim, amaliyot va innovatsiya bir zanjirga ulanib, bilimli yoshlarni nafaqat mahalliy, balki xalqaro mehnat bozoriga tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Eng muhimi, mazkur tashabbus Oʻzbekistonda oʻziga xos startap ekotizimini shakllantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va raqamli iqtisodiyot ulushini oshirish uchun mustahkam poydevor boʻladi. Ilm-fan, taʼlim va biznes integratsiyasi kuchaygan sari innovatsion muhit yanada rivojlanadi. Demak, bugun boshlangan bu islohotlar ertangi kun natijalarining kafolatidir. Oʻzbekistonning Silikon vodiysi sari dadil qadam tashlayotgani aynan mana shunday tizimli va kelajakka yoʻnaltirilgan loyihalarda yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Dinora Rahimova