Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi yangi elchisi tayinlandi

    Nodirjon Turgʻunov Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi Favqulodda va Muxtor elchisi etib tayinlandi.

    Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.

    Ushbu lavozimga tayinlanishidan oldin u 2021-2024-yillarda Jidda shahrida bosh konsul lavozimida ishlagan. 49 yoshli diplomat Toshkent davlat sharqshunoslik institutini (hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) tamomlagan.

    Mehnat faoliyatini maktabda oʻqituvchilikdan boshlagan, xususiy tuzilmalarda tarjimon sifatida, shuningdek, Oʻzbekiston xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalar jamiyatlari kengashida ishlagan.

    2016-yildan beri TIV tizimida. Oʻtgan yillar davomida Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentida turli lavozimlarda faoliyat olib bordi. 2019-2021-yillarda Oʻzbekistonning Oqtov shahrida (Qozogʻiston), 2021-2024-yillarda esa Jidda shahrida (Saudiya Arabistoni) bosh konsul boʻlib ishlagan.

    Arab va rus tillarida soʻzlasha oladi.

    Nodirjon Turgʻunov 2018-2024-yillarda Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi va bosh qarorgohi Jidda shahrida joylashgan Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili lavozimlarida ishlagan Ulugʻbek Maqsudov oʻrniga tayinlandi.