O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati «FITUR» ko‘rgazmasida namoyish etilyapti

    Turizm 24 Yanvar 2025 635

    O‘zbekiston delegatsiyasi 22-yanvarda Madridda o‘z ishini boshlagan «FITUR» xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida ishtirok etyapti. Ushbu muhim tadbir dunyoning turli mamlakatlaridan turizm sohasi mutaxassislari va sayohat ishqibozlarini birlashtirdi.

    Delegatsiya tarkibiga mamlakatimizning «Rocket DMC», «Orient star group», «Sonder Voyage», «Uzbekistan Discovery», «Zamin travel», «El mundotour», «Olympic tour», «Advantour», «Asialux Travel», «Dolores», «Samarcanda adventures» kabi yirik sayyohlik kompaniyalari vakillari ham kirdi.

    O‘zbekiston milliy stendida turistik kompaniyalarimizning sayyohlik mahsulotlari, jumladan, yangi yo‘nalishlar va turpaketlar namoyish etilyapti.

    Ko‘rgazmada o‘zbek milliy musiqasi, xalq og‘zaki ijodi va raqslari keng targ‘ib etilyapti, shuningdek, yurtimizning boy madaniy merosi va sayyohlik imkoniyatlarini namoyish etuvchi materiallar taqdim etilyapti.

    Shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro turoperatorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida B2B va B2G uchrashuvlarini, shuningdek, chet el delegsiyalari rahbarlari hamda jahon sayyohlik sohasi vakillari bilan muzokaralarni faol o‘tkazyapti, deb xabar beradi Turizm qo‘mitasi matbuort xizmati.

    Ma’lumot uchun: «FITUR» Madriddagi «Ifema» ko‘rgazmalar markazida muntazam ravishda o‘tkaziladigan xalqaro turizm ko‘rgazmasidir. Ko‘rgazmada har yili turizm sohasining barcha yo‘nalishlari vakillari: turoperatorlar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar, tashuvchilar, turizm bo‘yicha idoralar, xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar va boshqalar ishtirok etadilar. O‘zbekiston «FITUR» xalqaro ko‘rgazmasida 2005-yildan beri qatnashib keladi.

    Ushbu nufuzli tadbir O‘zbekistonning yevropadagi ustuvor sayyohlik yo‘nalishi sifatida ilgari surilishi va sayyohlar oqimini oshirish uchun yangi platforma bo‘lib xizmat qiladi.

    «FITUR» 26-yanvarga qadar davom etadi.