Bu haqda Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmanov Civil Service College (CSC) nodavlat taʼlim muassasasi vakillari bilan uchrashuvda maʼlum qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Unda davlat xizmati sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va uni milliy amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Xorij tomoniga mamlakatimizda davlat xizmatini rivojlantirish, istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish va ularning muntazam kasbiy oʻsishini taʼminlashga qaratilgan tizimli islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Muloqot davomida tomonlar birgalikda taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va treninglar tashkil etish, onlayn va gibrid oʻquv platformalarini yaratish imkoniyatlarini koʻrib chiqdi. Shuningdek, ekspertlar almashish va qoʻshma tadqiqot loyihalarini tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston shahar va tumanlari hokimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish, davlat xizmati sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish va qoʻshma dasturlarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
“Civil Service College” 1970-yilda Britaniya hukumati huzuridagi milliy maktab sifatida tashkil etilgan boʻlib, davlat xizmatchilari tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha ixtisoslashgan muassasa hisoblanadi. 2012-yildan boshlab kollej mustaqil taʼlim markazi sifatida faoliyat yuritib, zamonaviy oʻquv dasturlari va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etib kelmoqda.