Oʻzbekistonning SHHTga raisligi doirasidagi tashabbuslari Germaniya OAV diqqat markazida

    OAV O‘zbеkiston haqida 9 Avgust 2022 2193

    Yaqinda Germaniyaning xalqaro munosabatlar masalalarini atroflicha yoritadigan “WeltTrends” jurnali sahifalarida taniqli siyosatshunos Xubert Tilike qalamiga mansub Shanxay hamkorlik tashkilotining (SHHT) Samarqandda boʻlib oʻtajak sammitiga bagʻishlangan maqola eʼlon qilindi.

    Unda joriy yilda Oʻzbekiston SHHTga raislik qilayotgani, 15 — 16-sentyabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtadigan sammitda tashkilot oldida turgan muhim masalalar muhokama qilinishi moʻljallanayotgani qayd etilgan.

    Muallif Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norovning SHHT tarixan qisqa vaqt ichida dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotga aylangani va bugungi kunda global siyosiy va iqtisodiy munosabatlarning ajralmas qismiga aylangani haqidagi fikrlarini qalamga olgan.

    Maqolada Oʻzbekiston va SHHT oʻrtasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari ham ochib berilgan. Germaniyalik ekspertning yozishicha, mamlakatimiz SHHTning oltita taʼsischi davlatidan biri sifatida tashkilotning asosiy tamoyillari va hujjatlarini, shuningdek, institutlarini ishlab chiqishga salmoqli hissa qoʻshgan. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-2021-yillarda SHHT sammitlarida 50 ga yaqin yirik tashabbuslarni ilgari surdi, ular SHHTning tegishli “yoʻl xaritalari”, huquqiy, siyosiy va konseptual hujjatlari, shuningdek, yangi koʻp tomonlama hamkorlik mexanizmlarida oʻz ifodasini topgani oʻquvchilarning eʼtiboriga havola etilgan.

    Bundan koʻzlangan maqsad mintaqalararo savdo, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar, “yashil” va raqamli iqtisodiyot sohasidagi koʻp tomonlama hamkorlikda tashkilot salohiyatini yanada mustahkamlashdan iborat edi. “Shanxay ruhi” xalq diplomatiyasi, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash, yangi madaniy-gumanitar tashabbuslar, jumladan, SHHT kun tartibidagi hamkorlikning yangi yoʻnalishlari va shakllari: axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kambagʻallikni qisqartirish, tashkilotning global nufuzini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali amalga oshirilyapti.

    Maqolada alohida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston SHHTga raisligining asosiy voqeasi “Buyuk Ipak yoʻli durdonasi” deya eʼtirof etiladigan Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan sammitdir. Muallifning yozishicha, soʻnggi paytlarda Samarqand muhim xalqaro uchrashuvlar oʻtkaziladigan muhim joylardan biri boʻlib qoldi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.