Oʻzbekistonning Shvetsiyadagi yangi elchisi tayinlandi

    Rahmatulla Nurimbetov Oʻzbekistonning Shvetsiyadagi elchisi etib tayinlandi.

    Oʻzbekistonning yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Rahmatulla Nurimbetov bugun tunda Shvetsiya poytaxtiga keldi, deb xabar bermoqda «Dunyo« AA.

    U Stokgolmga tayinlanishidan avval 2023-2024-yillarda Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari lavozimida ishlagan.

    Diplomat 47 yoshda. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) va Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlagan. Siyosiy fanlar doktori (DsC) darajasiga ega.

    Mehnat faoliyatini Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida boshlagan.

    2003-yildan buyon TIV tizimida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Xususan, oʻtgan yillar davomida vazirlikning markaziy apparatida, shuningdek, Oʻzbekistonning Germaniya va Ispaniyadagi elchixonalarida turli lavozimlarda ishlab, tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari darajasiga koʻtarilgan. Bundan tashqari, 2018-2024-yillarda Oʻzbekistonning SHHT ishlari boʻyicha milliy koordinatori vazifasida ishlagan.

    Nemis, ispan va ingliz tillarini mukammal biladi.

    Rahmatulla Nurimbetov 2022-2024-yillarda Oʻzbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasiga rahbarlik qilgan Nodir Gʻaniyevoʻrniga tayinlandi.