Bu haqda “Dunyo“ AA xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu yilning 27-oktyabr kuni Oʻzbekistonning Favqulodda va Muxtor elchisi (qarorgohi Berlin shahrida) Dilshod Axatov Shveysariya Prezidenti Viola Amherdga oʻzining ishonch yorliqlarini topshirdi.
Tantanali marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan uchrashuvda Prezident Viola Amherd soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasida yuqori darajadagi ikki tomonlama aloqalar sezilarli faollashganini taʼkidladi. U Shveysariya hukumati Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi.
Davlat rahbari Oʻzbekiston va Shveysariya iqtisodiyoti oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta salohiyatga ega ekanini bildirdi. Xususan, foydali qazilmalarni oʻzlashtirish, “yashil“ iqtisodiyot, “yashil“ energetika, suv va energiyani tejash texnologiyalarini joriy qilish, iqlim oʻzgarishi va ekologiya muammolari oqibatlarini bartaraf qilish, kasbiy taʼlim tizimida Shveysariya dual taʼlim modelini joriy qilish borasida hamkorlikka tayyorligini maʼlum qildi.
Prezident Viola Amherd Oʻzbekiston rahbariyati va xalqiga muvaffaqiyat va farovonlik tiladi.