Oʻzbekistonning Singapurdagi yangi elchisi tayinlandi

    Alisher Qayumov Oʻzbekistonning Singapurdagi elchisi etib tayinlandi.

    Yangi elchi Singapurga tayinlanishidan oldin Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasida maslahatchi boʻlib ishlagan.

    54 yoshli diplomat Toshkent davlat universitetini (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) tamomlagan. Uzoq yillar davomida Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tizimida (hozirgi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) hamda Germaniyadagi elchixonada savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi sifatida ishlagan.

    Elchixona maslahatchisi sifatida u Avstriya va Venadagi xalqaro tashkilotlardagi diplomatik missiyani boshqargan. Xususiy biznesda, jumladan, xorijda ishlash tajribasiga ega.

    Diplomat 2017-yildan buyon Oʻzbekistonning Berlindagi elchixonasida maslahatchi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

    Alisher Qayumov Oʻzbekistonning Singapurdagi (2018–2024) va Avstraliyada (2022–2024) oʻrindoshlik asosidagi elchisi (qarorgohi Singapurda) boʻlib ishlagan Qahramon Shokirov oʻrniga tayinlandi.