Qirgʻizistonning ommabop Alliance-press.kg axborot-tahlil agentligi portalida «TDTga aʼzo mamlakatlar bilan xalqaro transport aloqalari jadal rivojlanib bormoqda« sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.
Nashrda Transport va kommunikatsiya sohasidagi oʻzaro bogʻliqlikni taʼminlash iqtisodiy aloqalarning yanada taraqqiy etishi va TDTga aʼzo mamlakatlar hamda mintaqalarning umumiy rivojlanishida muhim oʻrin tutishi taʼkidlangan.
Hozirgi kunda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanib bormoqda.
«Xususan, oʻtgan yilda Oʻzbekistonning TDTga aʼzo mamlakatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 10 milliard dollarni tashkil etdi. Shundan eksport hajmi 3,6 milliard dollarni, import hajmi 6,4 milliard dollarni tashkil etdi«, – deb yozgan Qirgʻiziston OAV.
Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekistonning TDT davlatlari bilan 2023-yil eksport-import yuk tashish hajmi 15,5 million tonnani tashkil etgan boʻlib, bu Oʻzbekistonning umumiy xalqaro yuk tashish hajmidagi 24 foiz ulushi hisoblanadi.
TDT doirasida Oʻzbekistonning eng yirik hamkori Qozogʻiston boʻlib, umumiy yuk tashuvlardagi ulushi 72 foizni (11,2 million tonna) tashkil etadi. Ikkinchi asosiy ulush Qirgʻiziston davlatiga toʻgʻri kelib 3,3 million tonna (21 foiz) tashkil etdi. Ozarboyjon bilan tashishlar 69,5 ming tonna Turkiya davlati bilan esa 937,8 ming tonnaga yetdi.
Oʻzbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar bilan oʻzaro tovar aylanmasi 2023-yil davomida 8,7 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
«Ushbu tuzilma doirasida transport sohasida erishilgan eng yirik kelishuvlar 2022-yil 11-noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti 9-sammitida imzolangan «Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar oʻrtasida xalqaro qoʻshma yuk tashish toʻgʻrisida«gi bitim va «Transport aloqalari dasturi« hisoblanadi«, – deb xabar qilgan Alliance-press.kg.