Oʻzbekistonning tegishli tuzilmalari Butunxitoy ayollar federatsiyasi bilan hamkorlik olib boradi

    Xalqaro hamkorlik 13 Mart 2024 394

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Nyu-York shahrida oʻtayotgan BMT Ayollar holati boʻyicha komissiyasining 68-sessiyasi doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashining Xotin-qizlar va bolalar ishlari boʻyicha milliy qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Xitoy Xalq Respublikasi Butunxitoy ayollar federatsiyasi raisi oʻrinbosari Xuan Syaovey bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, kambagʻallikni qisqartirish sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev va Rais Si Szinpin oʻrtasidagi ochiq va ishonchli munosabatlar koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash uchun mustahkam zamin yaratgani alohida taʼkidlandi.

    Tomonlar gender tenglik sohasida qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.

    Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar va oila masalalari qoʻmitasi, Senatning tegishli qoʻmitasi va Butunxitoy ayollar federatsiyasi oʻrtasida muntazam muloqotni yoʻlga qoʻyish, jumladan Hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolash taklifi ilgari surildi.

    Shuningdek, ijtimoiy himoya va sugʻurta, aholiga manzilli yordam koʻrsatish sohasida oʻzaro tajriba almashish, ushbu yoʻnalishdagi qonunchilik faoliyatini oʻrganish boʻyicha hamkorlik qilishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.