“Dunyo“ AAning xabar berishicha, muloqot davomida keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlariga asoslangan Oʻzbekiston-Turkiya ikki tomonlama munosabatlar va xalqaro tashkilotilar doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, xususan joriy yil 21-22-iyun kuni Istanbulda boʻlib oʻtadigan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 51-sessiyasida Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtiroki muhokama qilindi.
Shuningdek, turli darajadagi oʻzaro tashriflar va qoʻshma tadbirlarni tashkil etish, jumladan, ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlarni oʻtkazish kabi masalalar koʻrib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish, madaniy-gumanitar va turizm sohasidagi aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Ahmet Jemil Mirogʻlu Oʻzbekistonning yangi tayinlangan elchisiga Turkiyadagi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi va Istanbuldagi Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEIK) bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyishga yaqindan koʻmak koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.
56 yoshli diplomat 2024-yil iyul oyidan buyon Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
U Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti), Rossiya tashqi savdo akademiyasini, Memfisdagi (AQSH) Xalqaro paxta maktabini tamomlagan.
Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tizimida (hozirgi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) va xorijiy vakolatxonalarda savdo-iqtisodiy maslahatchi, Ukrainadagi elchi lavozimlarida ishlagan.
2009-yildan 15-yil davomida “Oʻzbekengilsanoat“ davlat aksiyadorlik kompaniyasiga (hozirgi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotajsanoat“ uyushmasi) rahbarlik qilgan. Shu bilan birga, 2021–2024-yillarda Oʻzbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi raisi sifatida ishlagan. Ingliz va fransuz tillarini mukammal biladi.









