Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik missiyalari rahbarlari Senatda

    Mamlakatimizda 22 Dekabr 2022 1241

    2022-yil 21-dekabrda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayevaning Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida ilgari surilgan muhim gʻoya va tashabbuslar, ularning amalda roʻyobini taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratildi. Xususan, Markaziy Osiyodagi qoʻshni mamlakatlar va dunyodagi strategik sheriklarimiz boʻlgan davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.

    Shuningdek, davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan qator tashabbuslar xalqaro miqyosda qoʻllab-quvvatlanayotgani hamda ana shu takliflar asosida xalqaro tashkilotlarning hujjatlari ishlab chiqilgani va amaliyotga tatbiq etilgani alohida eʼtirof etildi.

    Senat Raisi T.Narbayeva Oʻzbekistonda olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat parlament diplomatiyasining ahamiyatini ham oshirayotganini, davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan soʻnggi yillarda milliy parlamentning oʻrni va ahamiyati nafaqat mamlakat hayotida, balki tashqi siyosatda, xorijiy davlatlar bilan tobora rivojlanib borayotgan xalqaro hamkorlik jarayonlarida ham ortib borayotganini taʼkidladi.

    Shuningdek, uchrashuvda 2022-yil koʻp jihatdan muvaffaqiyatli boʻlgani aytilib, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan mintaqaviy darajada, shuningdek, MDHga aʼzo davlatlar bilan parlamentlararo muloqotni rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha aniq natijalarga erishilganligi taʼkidlandi. Buning doirasida bir qator hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejalari (“Yoʻl xaritasi”) imzolangani alohida eʼtirof etildi.

    Bundan tashqari, Arab mamlakatlari, xususan, Misr Arab Respublikasi hamda Arab davlatlari ligasining qonun chiqaruvchi organi – Arab parlamenti bilan hamkorlik aloqalari ham yangi bosqichga koʻtarilgani va qator oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishilgani aytildi.

    Uchrashuv davomida diplomatik muassasalar faoliyati qator muhim vazifalarni hal etishga qaratilishi lozimligi alohida taʼkidlandi. Jumladan, xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashishda tashkiliy koʻmak koʻrsatish, Senatning mahalliy Kengashlar va xorijiy davlatlarning hududlardagi deputatlar birlashmalari oʻrtasidagi muloqotini kuchaytirish, eng muhimi, xorijdagi Oʻzbekiston fuqarolarini va ularning oila aʼzolarini huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda har tomonlama qoʻllab-quvvatlash kabi choralarni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish va faollik koʻrsatish zarurligi alohida belgilandi.

    Uchrashuv yakunida 2023-yilda mamlakat parlamenti oldida qator muhim xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish vazifasi turganligiga va bunda xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlari bevosita faol ishtirok etishi hamda munosib hissasini qoʻshishi lozimligiga eʼtibor qaratildi.

    Shundan soʻng Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan majlisida Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborot eshitildi.

    Oʻzbekiston diplomatik missiyalari rahbarlari tomonidan xorijiy davlatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarini tatbiq etish, biriktirilgan hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari bilan ishlash, aniq investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, respublika hududlariga turistlar oqimini oshirish boʻyicha bajarilgan ishlar haqida axborot berildi.

    Tanqidiy va mazmunli ruhda oʻtgan muhokama davomida diplomatik vakolatxonalarning barcha masalalari va ustuvor vazifalari koʻrib chiqildi, xalqaro tashabbuslar va respublikaning iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish, shuningdek, xorijda mamlakatimiz fuqarolarining huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyati samaradorligiga baho berildi.

    Majlis yakunida qabul qilingan qarorda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning parlament va mamlakat xalqiga Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, elchixonalar va vakolatxonalar faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari nazarda tutildi, davlat manfaatlarini xalqaro maydonda ilgari surish boʻyicha zarur tavsiyalar berildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.