Oʻquv kursi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan belgilangan vazifalardan kelib chiqib, xorijdagi diplomatik vakillarning malakasini oshirish maqsadida tashkil etildi.

Qisqa muddatli oʻquv kursida mashgʻulotlar ochiq muloqot, interfaol treninglar, bahs-munozara shaklida olib borildi.

Oʻquv kursi davomida xalqaro maydonda Oʻzbekiston manfaatlarini taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlari, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi vazifalar, yoshlarga oid davlat siyosati, Oʻzbekistonda kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati samaradorligini oshirishga oid islohotlar, davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini oshirish borasida “El-yurt umidi" jamgʻarmasi oldida turgan vazifalar haqida maʼlumot berildi, — deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departament mudiri Botu Alimov. — Muloqot davomida Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi Favqulodda va Muxtor Elchilari faol ishtirok etib, kelgusida soha va tarmoqlarni yanada rivojlantirish, Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatidagi oʻrni va nufuzini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha takliflarini bildirdi.

— Biz mamlakatimizning chekka-chekka hududlarida ham boʻldik. Bugun xalqimizning hayoti oʻzgargan, turmushi oʻzgargan, fikrlashi oʻzgargan. Bu esa oʻz-oʻzidan boʻlmayotgani hammamizga maʼlum. Biz oʻquv kursi davomida Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab oldik, — deydi Oʻzbekistonning Turkmanistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Akmaljon Kuchkarov.

Shuningdek oʻquvda, Oʻzbekistonda kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish masalalari boʻyicha fikr-mulohazalar almashildi. Jumladan, davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali, milliy kadrlar zaxirasi, tuman (shaxar) hokimlari va ular oʻrinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida baholash tizimi, kadrlar salohiyatini oshirish masalalari ishtirokchilarda qiziqish uygʻotdi.

Oʻzbekistonda ilk marotaba qabul qilinayotgan “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi, mohiyati, dolzarbligi haqida maʼlumot berildi. Va bu qonunning qabul qilinishi Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi sohasida rivojlanishning navbatdagi bosqichini boshlab berishi maʼlum qilindi.

Konsruktiv, ochiq ruhda oʻtgan oʻquv davomida Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakillari 2022-yilga moʻljallangan Yoʻl xaritalarida oʻrtaga tashlangan dolzarb masalalar, bildirilgan takliflarni inobatga olishlarini maʼlum qilishdi.