Oʻzbekistonning xorijdagi ilk bojxona vakili oʻz ishini boshladi

    Zafar Sanginov Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasining Rossiyadagi vakili etib tayinlandi.

    2022-yilning 2-dekabrida Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumat rahbarlari darajasidagi qoʻshma komissiyaning 3-majlisi doirasida ikkala mamlakat bojxona xizmati rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida bojxona xizmatlari vakolatxonalarini ochish toʻgʻrisida bitim imzolashgan edi.

    Nihoyat mazkur bitim amalga oshib, Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasining Rossiyadagi vakili oʻz faoliyatini boshladi.

    Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasining Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov, Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasining Rossiyadagi vakili etib tayinlangan Zafar Sanginov va Rossiya federal bojxona xizmati rahbari Ruslan Davidov ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv davomida tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikning keng koʻlamli masalalarini muhokama qilishdi.

    Tahlillarga koʻra, 2016-yildan boshlab Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yiliga 15-20 foizga oʻsib bormoqda.

    Oʻzbekiston va Rossiya bojxona tizimlarida axborot texnologiyalarining jadal rivojlanib borayotgani bojxona xizmatlari oʻrtasida teng sherikchilik aloqalarini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Natijada, oʻzaro savdoda tashqi savdo yuklarini uzluksiz va xavfsiz yetkazib berish zanjirlarini taʼminlashga qaratilgan loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

    Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasi vakilining Rossiya Federatsiyasida ish boshlashi bojxona xizmatlari oʻrtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish va faollashtirishga xizmat qiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida tovarlar va transport vositalarining erkin oʻtishiga toʻsqinlik qiladigan sabablarni baholash, aniqlash va joyida bartaraf etish imkonini beradi.