“Oʻzbekiston matbuoti” jurnalining bugun qayta nashr etila boshlagani juda yaxshi, lekin bizda yana bir jurnal borki, u ham 2019-yilda iqtisodiy qiyinchiliklar sabab oʻz faoliyatini tugatishga majbur boʻlgandi.
Bilasiz, “Mushtum”ga jadidlarimiz asos solgan. Umuman olganda bu jurnal biz uchun bir qadriyat va uni yoʻqotib yuborish katta xato boʻlar edi.
Yuzlab tanqidiy maqolalar, felyetonlar jamiyatni turli illatlardan tozalashda “Mushtum”ning asosiy quroli hisoblangan. Halol va oshkora tanqid jamiyat va odamlar uchun haqiqiy malham boʻlishiga erishish jurnalning bosh mezonidir.
Sizlarga xursandchilik bilan aytmoqchimanki, bugun “Mushtum” jurnalining qayta tiklanayotgan ilk sonini bosmaxonaga topshirdik. Nasib etsa, yaqin kunlarda uning ham taqdimotini oʻtkazamiz», – dedi Oʻsarov.
Jurnalning qaysi mablagʻlar hisobidan qayta tiklanayotgani haqida hozircha maʼlumotlar ochiqlanmadi.
Maʼlumot uchun, 1923-yildan nashr qilina boshlagan “Mushtum” jurnaliga taraqqiyparvar, xalqparvar ziyolilar: Abdulla Qodiriy va Gʻozi Yunuslar asos solgan.
Jurnal nomi Abdulla Qodiriy taklifi bilan shunday atalgan. Uning taʼbiricha, bu shunchaki mushtum emas, balki xalqning adolat mushtumidir, yaʼni mazlumlarning zoʻrovonlarga, nopoklarga, zulmkorlarga, ekspluatatorlarga qarshi mushtumi ham boʻlishi kerak edi.
“Mushtum”dagi oʻtkir maqola, felyeton, hajviya va karikaturalar qisqa vaqt ichida juda ommabop boʻlib ketdi. Abdulla Qodiriyning oʻzi ham jurnalga 10 dan ortiq taxallus bilan koʻplab maqola, hajviya va felyetonlar yozgan. Jurnalda xalqimiz taraqqiyoti, madaniyati, rivoji uchun toʻsiq boʻlgan har bir davrga xos kamchilik va nuqsonlar tanqid qilindi.
Jurnal urush yillarida oʻz etiborini xalqimizning ruhini koʻtaradigan siyosiy plakatlar, rasmlarga qaratdi. Ayniqsa, 50–80 yillar “Mushtum” ning eng rivojlangan davrlari boʻlgan. Undagi materiallar asosan qishloq xoʻjaligi, sanoat, savdo, fan-texnika ijtimoiy va maishiy mavzudagi maqolalar, rasmlar juda mashhur boʻlgan.
Oʻsha davrlarda bu jurnal mamlakatning birinchi raqamli nashri va Oʻzbekiston Kompartiyasi MKning organi va davlatning mafkurasi ifodasi hisoblanar edi. Bu oʻziga xos oddiy mehnatkash xalq uchun minbar vazifasini ham oʻtagan. Shikoyatlar obyektiv oʻrganilgan, qonunbuzarlik, nohaqliklarning oldi olingan, aybdorlarga choralar koʻrilgan, xalq bu jurnalga ishongan.
Nafaqat yosh ijodkorlar uchun, balki xalqimizning koʻplab avlodiga maʼnaviy ozuqa bergan, badiiy va estetik didini shakllantirgan, jonkuyar ustoz, tarbiyachi vazifasini oʻtagan.
Oʻz vaqtida “Mushtum” jurnali bir oyda ikki marta chop etilgan, bir oylik umumiy tiraji 1 500 000 dan oshiqni tashkil etggan. Oʻzbekistonda deyarli bu jurnal kirib bormagan shahar, qishloq, tumanni, tashkilot va xonadonni topish qiyin boʻlgan.
Mustaqillik yillarida jurnal tahririyati iqtisodiy muammolar girdobiga tushib qoldi. Uning moddiy-texnika bazasi, kadrlar soni-salmogʻi zamonaviy talablar darajasida qayta shakllantirilmadi.
2017-yilga kelib “Mushtum jurnali «Sharq” NMAK tomonidan atigi 1000 dona atrofida chop etilgani maʼlum.
Albatta, sogʻlom, xolis, obyektiv tanqid jamiyat taraqqiyoti uchun mezon hisoblanadi va bu borada qayta tiklanayotgan “Mushtum”ning ahamiyati doim yuqori boʻlgan.