Oʻzbekistonning yangi elchisi Turkmaniston TIVga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi

    Oʻzbekistonning yangi tayinlangan elchisi Ravshanbek Alimov Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo« AA.

    «Turkmenportal« internet-axborot resursi tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, Turkmaniston TIV rahbari elchini masʼuliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, uning diplomatik faoliyatini amalga oshirishda turkman tomoni har tomonlama yordam va koʻmak berishga tayyorligini bildirdi.

    Suhbat avvalida ishtirokchilar ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli davlatlararo muloqot yuksak saviyada ekanini alohida qayd etdilar, deb taʼkidlangan nashrda.

    Tomonlar mintaqaviy va global kun tartibining muhim jihatlari boʻyicha pozitsiyalar oʻxshashligini, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik va gumanitar sheriklik muvaffaqiyatli rivojlanayotganini bildirdilar.

    Eslatib oʻtamiz, elchi Ravshanbek Alimov 29-noyabr kuni Turkmaniston poytaxtiga tashrif buyurdi. U 2020-2024-yillarda Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi vazifasida ishlagan. Ravshanbek Alimov bundan avval Oʻzbekistonning Ukrainadagi va oʻrindoshlik asosida Moldovadagi elchisi, shuningdek, Fransiyadagi va oʻrindoshlik asosida Portugaliyadagi elchi lavozimlarida faoliyat olib borgan.