Kecha 12 dekabr kuni poytaxtimizdagi "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va YUNESKO bilan hamkorligida, Shveytsariya elchixonasi hamda Sheytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC)  ko'magida amalga oshirilishi maqsad qilingan "Yangi media transformatsiya bo'yicha dastur"ni ishga tushirish marosimi bo'lib o'tdi.

Tadbirda AOKA hamda mutasaddi xalqaro va mahalliy tashkilotlar rahbarlari, mas'ul xodimlari, soha ekspertlari va mutaxassislar, OAV va media, shuningdek, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

– Mamlakatimiz media va kommunikatsiyalar sohasida yangi davr bo'sag'asida turibdi. Bu dastur esa ushbu jarayondagi eng muhim qadamga aylanishi shubhasiz. Biz axborot oqimlari hayratlanarli tezlikda harakatlanayotgan zamonda yashayapmiz. Yangi media vositalari esa jamoatchilik fikrini shakllantirishda katta rol` o'ynaydi. YUNESKO, Shveytsariya elchixonasi hamda Sheytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan hamkorlik mamlakatimizning media landshaftini rivojlantirish va uni yaxshilash uchun o'ziga xos imkoniyatlarni yaratadi, - deya ta'kidladi AOKA direktori A.Xodjaev qutlov nutqida.

Qayd etilishicha, ushbu strategik hamkorlik joriy yil 30 aprelda demokratik islohotlar va fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan yangi Konstitutsiya qabul qilinganidan keyin amalga oshirilmoqda. 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada so'z erkinligini ta'minlash va axborotdan foydalanish bilan bog'liq davlat siyosati, institutlar va soha faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun samarali va mustahkam mexanizmlarni ishlab chiqish zarurati alohida ko'rsatilgan.

Shu nuqtai nazardan, 2023 yil 12 oktyabrda Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi hamda YUNESKO Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda O'zbekistonda umumiy byudjeti 1,6 million AQSH dollarini tashkil qiluvchi – “Axborotdan foydalanish, institutsional javobgarlik va ommaviy axborot vositalari kompetentsiyasini kuchaytirish orqali O'zbekiston hukumati va fuqarolarining imkoniyatlarini kengaytirish” deb nomlangan 3 yillik keng qamrovli media dasturini amalga oshirish bo'yicha yangi hamkorlikka kirishdi. 

Ushbu tashabbus fuqarolarning axborotdan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, institutsional mas'uliyatni kuchaytirish va turli sohalarda OAV vakolatlarini yaxshilashga qaratilgan.