Oʻzbekistonning yangi tayinlangan elchisi Abat Fayzullayev Italiya Prezidenti Serjo Mattarellaga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Tantanali marosim Italiya Prezidentining Rim shahridagi rasmiy qarorgohi – “Kvirinale” saroyida boʻlib oʻtdi.

Boʻlib oʻtgan suhbat davomida Serjo Mattarella joriy yilning 9-11-noyabr kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifini yodga oldi va tashrif unda unutilmas taassurotlar qoldirganini qayd etdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida strategik muloqotni ilgari surishning yuksak ahamiyati tasdiqlandi, Oʻzbekiston va Italiyaning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligi istiqbollaridan samarali foydalanishdan ikki tomon ham manfaatdorligi taʼkidlandi.

Suhbat yakunida Italiya Prezidenti Oʻzbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi hamda u ziyorat qilgan Samarqand va Xiva shaharlaridagi qadimiy obidalar jozibasini alohida qayd etdi.

Abat Fayzullayev joriy yilning oktyabr oyida Oʻzbekistonning Italiyadagi elchisi etib tayinlandi. U 2020-2023-yillarda Oʻzbekistonning Avstriyadagi elchisi boʻlib ishlagan, shuningdek, Vengriyadagi oʻrindoshlik asosida elchisi boʻlgan. Bir vaqtning oʻzida, Oʻzbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Venadagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili lavozimida faoliyat olib borgan.

Abat Fayzullayev 2018-2023-yillarda Rimdagi diplomatik vakolatxonamizga rahbarlik qilgan Otabek Akbarov oʻrniga tayinlandi.