Oʻzbekistonning yangi tayinlangan elchisi Polsha tashqi ishlar vaziriga ishonch yorliqlari nusxalarini taqdim etdi

    Xalqaro hamkorlik 23 Noyabr 2023 1442

    Oʻzbekistonning yangi tayinlangan elchisi Amirsaid Aʼzamxoʻjayev Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rauga ishonch yorliqlarining nusxalarini topshirdi.

    Uchrashuv davomida Polsha tashqi ishlar vaziri 2022-yil iyun oyida Toshkent va Samarqandga tashrifini va Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralarni samimiyat bilan yodga oldi.

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Polsha hamkorligi, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada sezilarli darajada mustahkamlanib, yangi va amaliy mazmun bilan toʻldirilgani alohida qayd etildi. Polsha ishbilarmon doiralarining oʻzbekistonlik sheriklar bilan aloqalarni rivojlantirishga qiziqishi ortib bormoqda.

    Polsha tashqi ishlar vazirligi rahbari toʻqimachilik sanoatidagi hamkorlik istiqbollarini yuqori baholar ekan, Oʻzbekistondan Polshaga yarim tayyor va tayyor yengil sanoat mahsulotlari eksportini har tomonlama ragʻbatlantirishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

    Polsha va Oʻzbekiston yaqin madaniy-gumanitar aloqalarga ega ekanligi, 2024-yil fevralidan Varshava–Toshkent–Varshava yoʻnalishi boʻyicha muntazam toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovlarining yoʻlga qoʻyilishi polshalik sayyohlar sonining koʻpayishiga va oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Eslatib oʻtamiz: elchi Amirsaid Aʼzamxoʻjayev 7-noyabrda Varshavaga kelgan. Bunga qadar u Tashqi ishlar vazirligining konsullik va yuridik boʻlimida ishlagan, Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi konsuli, 2020-yildan Bosh konsullik rahbari boʻlgan. U 38 yoshda. Toshkent Davlat jahon tillari universitetini tamomlagan.

    Amirsaid Aʼzamxoʻjayev 2015-yildan muvaqqat ishlar vakili, 2019-yil may oyidan boshlab Oʻzbekistonning Favqulodda va Muxtor elchisi sifatida Varshavadagi diplomatik missiya rahbari boʻlib ishlagan Bahrom Boboyev oʻrniga tayinlangan.