O'zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Shveysariya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

    O'zbekistonning Favqulodda va Muxtor elchisi (qarorgohi Berlin shahrida) Dilshod Axatov kecha Shveysariya Prezidenti Viola Amherdga o'zining ishonch yorliqlarini topshirdi.

    Tantanali marosimdan so'ng bo'lib o'tgan uchrashuvda Prezident Viola Amherd so'nggi yillarda mamlakatlarimiz o'rtasida yuqori darajadagi ikki tomonlama aloqalar sezilarli faollashganini ta'kidladi. U Shveysariya hukumati O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni to'liq qo'llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

    Davlat rahbari O'zbekiston va Shveysariya iqtisodiyoti o'zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun katta salohiyatga ega ekanini bildirdi. Xususan, foydali qazilmalarni o'zlashtirish, "yashil" iqtisodiyot, "yashil" energetika, suv va energiyani tejash texnologiyalarini joriy qilish, iqlim o'zgarishi va ekologiya muammolari oqibatlarini bartaraf qilish, kasbiy ta'lim tizimida Shveysariya dual ta'lim modelini joriy qilish borasida hamkorlikka tayyorligini ma'lum qildi.

    Prezident Viola Amherd O'zbekiston rahbariyati va xalqiga muvaffaqiyat va farovonlik tiladi.

    Eslatib o'tamiz, Dilshod Axatov 2023-yilning oktyabr oyida O'zbekistonning GFRdagi elchisi sifatida Germaniya Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerga ishonch yorliqlarini topshirgan edi. topshirgan edi. Shu tariqa, O'zbekistonning Germaniyadagi elchisi Shveysariyada ham mamlakatimizning rasmiy vakili hisoblanadi. Berlinga tayinlanganiga qadar, u 2020-2023-yillar O'zbekistonning Hindistondagi elchixonasiga rahbarlik qilgan.

    2010-2013-yillarda mamlakatimizning Germaniyadagi elchisi, shuningdek, Shveysariya, Chexiya, Shvetsiya va Ispaniyada o'rindoshlik asosida elchi bo'lib ishlagan.