Oʻzbekistonning ziyorat turizm salohiyati Indoneziyada yanada keng targʻib etiladi

    Turizm 17 Oktabr 2022 1741

    Turizm va madaniy meros vazirligining Buxoro viloyati bosh boshqarmasi hamda viloyat hokimligi rahbariyatidan iborat delegatsiya ayni vaqtda Indoneziyada boʻlib turibdi. Tashrifdan maqsad ziyoratgohlar imkoniyatlarini toʻliq ishga solgan holda sayyohlarni jalb etish, xorijiy turistik kompaniyalar bilan samarali kelishuvlarga erishish va faol targʻibot tadbirlarini amalga oshirishdan iboratdir.

    Tashrif avvalida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov dunyoning eng katta musulmon tashkiloti sanalgan “Nadhlatul Ulamo” raisati bilan uchrashuvda ishtirok etdi. Uchrashuvda Indoneziyadan Oʻzbekistonga sayyohlik oqimini koʻpaytirish kabi masalalar muhokama etildi.

    Shuningdek, muloqotda “Indoneziya – Oʻzbekiston”, “Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni – Indoneziya” yoʻnalishlarida aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish, Buxoroda islom dunyosi olimlari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etish, Buxoro va Buxoriylar haqida hujjatli film suratga olish va uni Indoneziya telekanallari orqali doimiy tarzda efirga uzatish, ziyorat turizmi marshrutlarini Samarqanddagi Imom al-Buxoriy ziyoratgohi orqali Buxorodagi yetti pir ziyoratgohlarigacha belgilash, mamlakatimizning ziyorat-turizm salohiyati va madaniy-tarixiy merosini Indoneziya jamoatchiligi va “Nadhlatul Ulamo” tashkiloti aʼzolari orasida keng targʻib qilish boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.

    Tashrif doirasida Indoneziya Respublikasi parlamenti Vakillar palatasi spikerining sanoat va taraqqiyot masalalari boʻyicha oʻrinbosari Rahmat Gobel bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Indoneziya parlamenti vitse-spikeri ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotganini qayd etdi.

    “Biz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tarixiy yodgorliklarni saqlash va Islom dinini hamda boy madaniy merosni oʻrganish boʻyicha ulkan ishlar olib borilayotganiga guvoh boʻlyapmiz”, – dedi Gobel.

    Shu bilan birga, u Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Oʻzbekiston tomonidan xalqaro maydonda ilgari surilayotgan tashabbuslarni toʻla qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

    Uchrashuvda ikki mamlakat uchun samarali hamkorlikni kengaytirish borasida qator kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.