O‘zbekiston–Qirg‘iziston ekspert kengashini tashkil etish to‘g‘risida memorandum imzolandi

    Joriy yil 30-iyulda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Qirg‘iziston Prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti o‘rtasida O‘zbekiston–Qirg‘iziston ekspert kengashini tashkil etish to‘g‘risida memorandum imzolandi.

    Kengashning tashkil etilishi joriy yil 18-19-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston–Qirg‘iziston sammiti yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ekspertlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining muhim mexanizmiga aylanadi.

    Kengash tegishli ekspertlar va mutaxassislarni jalb etish orqali mamlakatlar o‘rtasidagi ekspertlar muloqotiga muntazam va mazmunli xarakter berishga mo‘ljallangan.

    Ushbu mexanizm doirasida savdo-iqtisodiy, sanoat, texnologik va madaniy-gumanitar hamkorlikning holatini tahlil qilish va o‘sishning yangi nuqtalarini izlashga alohida e’tibor qaratiladi.

    Bundan tashqari, ekspertlar ikki davlat rahbarlarining mintaqadagi barcha mamlakatlar iqtisodiyotining rivojlanishiga multiplikativ ta'sir ko‘rsatuvchi tashabbuslarini, jumladan, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi, Qambarota GES-1 qurilishi kontekstida suv-energetika sohasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratadilar.

    Uchrashuv yakunlari bo‘yicha 2024-yil oxirigacha qo‘shma konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va o‘zaro manfaatli mavzular bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazishni nazarda tutuvchi «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.