O‘zbekiston–Saudiya Arabistoni: parlamentlararo hamkorlik istiqbollari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 31 Dekabr 2022 928

    2022-yil 30-dekabrda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoevning Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yusuf al-Utaybiy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuvda O‘zbekiston hamda Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirish va ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

    Muloqotda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Saudiya Arabistoniga tarixiy tashrifi va uning yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar hamda imzolangan bitimlar o‘zaro manfaatli aloqalarni sifat va mazmun jihatidan yuqori bosqichga olib chiqqani ta’kidlandi.

    Ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarida parlamentlararo aloqalarining o‘rni muhimligi va mazkur yo‘nalishda aloqalar ko‘lamini kengaytirishdan ikkala tomon ham manfaatdor ekanligi qayd etildi.

    Shu ma’noda parlamentlararo do‘stlik guruhlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish, parlamentlar rahbarlari va a’zolarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.

    Shuningdek, ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalari ham e’tibor markazida bo‘lib, mazkur yo‘nalishda birgaliklikda amalga oshirilayotgan loyihalarni kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.