Oʻzbekiston yashash qiymati boʻyicha dunyodagi eng arzon 10 mamlakat qatoriga kirdi. Isteʼmol narxlari indeksi boʻyicha Bermuda yetakchilik qilmoqda. Keyingi oʻrinlarda Shveysariya, Norvegiya, Islandiya va Yaponiya.
Isteʼmol narxlari indeksi maʼlum vaqt oraligʻida isteʼmol savati tovarlari va xizmatlariga oʻrtacha narx darajasini koʻrsatadi. Bunga oziq-ovqat mahsulotlarining narxi, restoranlardagi narxlar, transport va kommunal xizmatlar kiradi.
Raqamlar Nyu-Yorkka nisbatan taqqoslangan. Agar indeks 133 boʻlsa, demak yashash qiymati bu shaharga qaraganda 33 foiz qimmatroq. Ushbu indikator boʻyicha Oʻzbekiston 130-oʻrinni egallab, eng arzon 10 ta davlat qatoriga kirdi. Reytingda hammasi boʻlib 135 mamlakat ishtirok etdi.
Bermuda, Gonkong, Singapur, Lyuksemburg va Shveysariyada turar joyni ijaraga olish eng qimmat, Afgʻoniston, Pokiston, Kuba, Nepal va Jazoirda eng arzon narxlar kuzatildi. Restoranga borish uchun Bermuda, Shveysariya, Islandiya, Norvegiya, Daniyada koʻproq pul kerak boʻladi. Restoran uchun eng kam narxlar Tunis, Jazoir, Pokiston, Hindiston va Shri-Lankada toʻlanadi.
Dunyo mamlakatlari va shaharlarida yashash xarajatlari reytingi yiliga ikki marta Numbeo onlayn maʼlumotlar bazasida paydo boʻladi. Bu baza butun dunyo boʻylab isteʼmolchilarning sarf-xarajatlari va narxlari toʻgʻrisidagi juda katta statistik maʼlumotlarni qayta ishlashdan soʻng yaratilgan.