“Oʻzbekkino” Milliy agentligi yosh kinomutaxassislarni Moskvaga oʻqishga joʻnatmoqda

    Madaniyat 28 Avgust 2020 3055

    Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK) imtihon komissiyasi Rossiyadagi eng nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan birida oʻqish uchun oʻzbekistonlik yetti nafar iqtidorli talabalarni tanlab oldi.

    Imtihon Butunrossiya davlat kinematografiya instituti va “Oʻzbekkino” Milliy agentligi oʻrtasida imzolangan memorandum talablariga muvofiq ravishda tanlov asosida oʻtkazildi. Imtihonlarni mazkur Kinematografiya institutining malakali professor-oʻqituvchilari qabul qildi.

    Eslatib oʻtamiz, imtihon onlayn videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtgan edi.

    – Men oʻzbekistonlik talabalarning VGIKga oʻqishga qabul qilinayotganini “Oʻzbekkino" Milliy agentligining rasmiy saytidan bildim, – deydi talaba boʻlish baxti nasib etgan abituriyent Said Toʻlaganov. –Menga Rossiyaning eng mashhur oliygohlaridan birida qoʻshimcha taʼlim olish imkoniyati berilganidan baxtiyorman. VGIKda oʻqishimdan asosiy maqsad eng avvalo netvorking, yaʼni soha ustalari bilan keng doirada fikrlar almashish, taniqli rejissyorlar, prodyuserlar, aktyorlar bilan uchrashish va bevosita ijod qilish istagimni roʻyobga chiqarishdan iborat. Umid qilamanki, bu imkoniyat kelajakdagi kino karyeramda soʻzsiz burilish nuqtasi boʻladi. Men Oʻzbekistonga yetuk mutaxassis sifatida qaytib, munosib kino asarlari yaratishga ahd qilganman.

    Yosh kinoijodkorlar bilan uchrashuvda oʻz fikr-mulohazalarini bildirgan “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning taʼkidlashicha, VGIKda oʻqish uchun oʻzbekistonlik kino sohasi yosh mutaxassislarini yuborish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kino sanoatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarorida nazarda tutilgan vazifalarni bajarish yuzasidan amalga oshirilayotgan navbatdagi tadbirlardan biridir. «Umid qilamanki, bu imkoniyat barchangiz uchun katta kino olamiga qilajak sayohatingizni boshlanishi uchun mustahkam zinapoya vazifasini oʻtaydi. Biz albatta siz bilan aloqada boʻlib turamiz, shuningdek, oʻqishingiz davomida “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bilan hamkorlikda maxsus loyihalarni amalga oshirishni yoʻlga qoʻyamiz”, – dedi F. Abduxoliqov.

    VGIK bilan muzokaralar 2019-yil oktyabr oyidayoq “Oʻzbekkino” Milliy agentligi tomonidan tashkil etilgan “Oʻzbek kinosi kunlari” doirasida Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligi va Moskvadagi Oʻzbekiston elchixonasi oʻrtasida boʻlib oʻtgan edi. Yil oxirida VGIK delegatsiyasining Oʻzbekiston xalqaro kinoforumiga tashrifi chogʻida yuqoridagi muzokaralarga doir memorandum ham imzolandi.

    – Kirish imtihonlarini Butunrossiya davlat kinematografiya instituti tomonidan qoʻyilgan talablar va qoidalarga muvofiq ravishda oʻtkazish uchun “Oʻzbekkino” Milliy agentligi qoshida ishchi guruhi tuzildi. Mazkur guruh boʻlgʻusi talabalarga rejissyorlik, dramaturgiya, kino operatorlik va prodyuserlik yoʻnalishi boʻyicha qabul imtihonlarining muhim bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtishga yordam berdi, – dedi ishchi guruh aʼzosi Sayyora Xudoyberdiyeva.

    – Men har doim hikoyalar toʻqishni yaxshi koʻrar edim. Bolaligimdan bunga mehr qoʻyganim uchun ssenariylar yozardim, – deydi VGIK drama yoʻnalishining magistri Gulnora Ivanova. – 2018-yilda mening qisqa metrajli filmim ssenariysi Oʻzbekistondagi eng yaxshi pitching sifatida qabul qilindi. Va ushbu ssenariy boʻyicha suratga olingan qisqa metrajli “Favvora” filmi Kann qisqa metrajli filmlar kinofestivalida, Venetsiyadagi qisqa metrajli filmlar arxitektura festivalida, Tunisdagi xotin-qizlar kinofestivali va boshqa koʻplab xalqaro festivallarda qatnashdi. Ushbu imkoniyat tufayli men haqiqiy kinematografiya dunyosiga tobora kirib borishni, jiddiy raqobat va professionallik nimaligini chuqur bilishni orzu qilaman.

    Eslatib oʻtamiz, “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasi, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi va Butunrossiya davlat kinematografiya instituti oʻrtasida oʻtkazilgan muzokaralar natijasida oʻzbekistonlik talabalarning 5 yillik oʻqish uchun toʻlovlarini“Oʻzbekkino” Milliy agentligi va “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirish toʻgʻrisida bitim imzolangan.